Bugun 21 may, 2025 yil, chorshanba

КИР

Qanday amal meni jannatga sazovor qiladi?

A A A
Qanday amal meni jannatga sazovor qiladi?

Ummatimning saralari o‘qigan namozlari va tutgan ro‘zalarining ko‘pligi bilan emas, yuraklarining tozaligi, ko‘ngillarining kengligi va barcha musulmonlarga marhamatli bo‘lishlari bilan jannatga kiradilar.

Marhamatlilarga Alloh marhamat qiladi. Yerdagilarga marhamat qilsangiz, ko‘kdagilar ham sizga marhamat ko‘rsatishadi.

Marhamat qilmaganga marhamat qilinmaydi. Kechirmagan odam o‘zi ham kechirimga sazovor bo‘lolmaydi.

Molik ibn Anas rivoyat qiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurdilar:

“To‘rt narsa sening zimmangda musulmonlarning haqlari jumlasidandir:

1. Yaxshi axloqlarni qo‘llamoq.

2. Gunohkor musulmonlar uchun tavba-tazarruda bo‘lmoq.

3. Kasallarni ko‘rgani borib, shifolanishini tilamoq.

4. Gunohlari yuzasidan tavba qilib, yomon fe’llarini tashlaganlarni jondan sevmoq.

Hazrati Muso so‘radi:

– Ey Rabbim, meni qay sababga ko‘ra taqvoli banda sifatida qabul qilding?

Rabbi buyurdi:

– Maxluqotingga marhamatli bo‘lganing uchun.

Sahobalardan biri Abuddardo bolalar tutib olgan chumchuqlarni ulardan pulga sotib olar va:

– Oq yo‘l, omon bo‘linglar! – deb qo‘yib yuborardi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar:

– Mo‘minlar bir-birlariga rahm-shafqat, marhamat, sevgi va diydor bobida bir vujudga o‘xshaydilar. Vujudning bir a’zosi kasalga chalinganda boshqa a’zolar yordamga kelib, kasallikka qarshi himoyaga o‘tadilar, birga qarshilik qiladilar.

Bir kun Iso Alayhissalom Iblis bilan uchrashib qoladi. Iblisning bir qo‘lida asal, bir qo‘lida kul bor edi. Hazrati Iso so‘raydi:

– Ey Allohning dushmani, bu asal va kulni nima qilasan?

Iblis javob beradi:

– Asalni g‘iybatchilarning lablariga suraman, toki g‘iybatni mazza qilib davom ettirsinlar. Kulni esa yetimlarning yuziga sepaman, toki har kim ularni haqir (e’tiborga noloyiq) ko‘rsin.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yetimlar borasida ba’zi hadislarida shunday deydilar:

– Yetimlarning yig‘isidan Arsh ham titraydi.

Alloh aytadiki:

– Ey malaklarim, otasini tuproqda yo‘q qilganim bu bolani kim yig‘latdi! Kimki yetimni yegulik va ichgulik bilan (non-suv bilan) ta’min etsa, yo boqib olsa, Alloh unga jannatni vojib qiladi.

Hikoya qilishlaricha, Ibrohim Alayhissalom tamaddi qilishdan oldin bir-ikki chaqirim aylanib yurarkanlar, dasturxonga birga o‘tirishga odam axtararkanlar.

Bir kun Hazrati Ali yig‘lab o‘tirardi. Ko‘rganlar nega yig‘layotganini so‘rashdi. Shunday javob berdi:

– Yetti kundirki, dasturxonimga bitta ham mehmon kelmadi. Allohning nazarida e’tibordan qolganga o‘xshayman. Shundan qo‘rqib yig‘layapman.

Bu mavzuda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ba’zi hadislari:

– Kim Allohning rizosi uchun bir ochni to‘yg‘azsa, uning uchun jannat vojibdir. Kimki bir ochning tamaddi qilishyga monelik qilsa, Alloh qiyomat kuni undan fazilatini olib qo‘yadi va uni azoblaydi.

– Saxiy kishi Allohga yaqindir, jannatga yaqindir, insonlarga yaqindir, jahannamdan uzoqdir.

– Baxil kishi Allohdan uzoqdir, jannatdan uzoqdir, insonlardan uzoqdir, jahannamga yaqindir.

– Allohning nazdida johil, lekin saxovatli kishi obid, lekin baxil kishidan sevimliroqdir.

– Qiyomat kuni bo‘lganda insonlarning to‘rt toifasi so‘roqsiz, savolsiz jannatga kiradi:

1. Ilmiga amal qilgan olim.

2. Alloh rizosi uchun hajga borgan va bundan keyin o‘lguncha hech yomonlik qilmagan kishi.

3. Islomiyatni tushuntirmoq va yoymoq maqsadida iymonsizlar bilan urushgan va shahid bo‘lgan kishi.

4. Halol mol-mulk orttirgan, so‘ngra riyoga berilmay va ko‘z-ko‘z qilmay, bu molini Alloh yo‘lida xarjlagan saxiy kishi.

Mana shular «oldin siz kiring», «siz kiring» qilib, bir-birlariga yo‘l bo‘shatib, bir-birlari bilan munoqasha qiladilar.

Ibn Abbos rivoyat qiladi:

Alloh Rasuli bildirdilar:

– Allohning shunday bandalari borki, boshqa bandalarining manfaati uchun ularga ko‘p ne’matlar beradi. Kim bu manfaatlar ustidan baxillik qilsa, Alloh u ne’matlarni olib, boshqasiga beradi.

– Saxovat jannat daraxtlari orasida shunday bir daraxtki, shoxlari bu dunyoda ko‘rinib turadi. Kim bu shoxlardan biriga yopishsa, u shox uni jannatga eltadi.

Jobir hikoya qiladi:

“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: «Qaysi amallar fazilatliroq, ey Allohning Rasuli?!» – deb so‘rashganda:

– Sabr va saxovat! – deb javob berdilar.

Yana sahobalardan biri Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga shunday dedi:

– Ey Allohning Rasuli, ayting-chi, qanday amal meni jannatga sazovor qiladi?

– Yedirmoq, har bir shaxsning sog‘ligini tilamoq, go‘zal va to‘g‘ri so‘z aytmoq mag‘firati mujib sabablardandir.

 

Abu Homid G‘azzoliy, 

“Mukoshafat-ul qulub” kitobidan

Kiritildi: 13:53 07.11.2018. O'qildi: 3943 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!