Farg‘onada spirtli ichimliklar do‘koniga 100 AQSh dollari miqdoridagi qalbaki kupyurani o‘tkazib, 200 ming so‘mlik alkogol mahsulotini olgan 21 yoshli A.X., 23 yoshli O.M. va 20 yoshli SH.P. qo‘lga olindi. Bu haqda Tergov departamenti xabar bergan.
Qayd etilishicha, 2020 yil 8 iyul kuni soat 19:00da Dang‘ara shaharchasida 63 yoshli G‘.U.ga tegishli bo‘lgan spirtli ichimliklar savdo do‘konida 21 yoshli A.X., 23 yoshli O.M. va 20 yoshli SH.P. qalbaki pul bilan bog‘liq mojaroga aralashib qolgan.
A.X. yonida bo‘lgan 1 dona 100 AQSh dollari kupyurasini berib, mazkur kupyura evaziga 200 ming so‘mlik alkogol mahsulot sotib olishini, qolgan qismini sotuvchi so‘m valyutasida qaytarib berishini aytgan. Do‘kon sotuvchisi G‘.U. 100 AQSh dollari kupyurani soxta ekanligiga shubha qilib, bu haqda tuman IIBga murojaat qilgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida do‘kon sotuvchisi G‘.U.dan 1 dona 100 AQSh dollari kupyurasi tekshirib ko‘rish uchun ashyoviy dalil sifatida olingan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 100 AQSh dollari kupyurasi qalbaki ekanligi aniqlangan.
Holat yuzasidan Dang‘ara tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan (Qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish). Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.