Bugun 27 iyul, 2025 yil, yakshanba

КИР

Prezidentning Jizzaxga tashrif: xulosalar, loyihalar va rejalar

Prezidentning Jizzaxga tashrif: xulosalar, loyihalar va rejalar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 22 iyul kuni Jizzax viloyatida bo‘ldi. Tashrif davomida davlat rahbari sanoat va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilma obektlari bilan tanishdi.

Prezident ayniqsa Zomin texnoparki maxsus sanoat zonasidagi ilk korxonaning ishga tushirilishini ko‘zdan kechirdi va bu hududda ish bilan ta’minlash hamda ishsizlikni kamaytirish imkoniyatlariga e’tibor qaratdi.

Qayd etilishicha, bu majmua qurilishini o‘tgan yili 27-iyunda davlat rahbari boshlab bergan edi. 400 gektarda barpo etilayotgan texnoparkda xitoylik investorlar bilan birgalikda 1 mlrd 200 mln dollarlik 31 ta loyiha amalga oshiriladi.

O‘tgan davrda zarur infratuzilma va inshootlar barpo etildi. Yaqinda ilk korxona — Xinjiang Honglun Tiandi kompaniyasi tomonidan qiymati 10 mln dollarlik beton mahsulotlari tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. 60 kishining bandligi ta’minlandi.

Ushbu loyiha doirasida Midea brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy elektr texnikalari ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan. Natijada 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Davlat rahbariga ushbu loyiha va navbatdagi tashabbuslar yuzasidan axborot berilgan.

Birinchi bosqichda maxsus sanoat zonasiga 9 ta loyiha joylashtirilgan. Hozirgi vaqtda umumiy qiymati qariyb 300 mln dollarga teng bo‘lgan 7 ta loyiha doirasida qurilish ishlari davom etmoqda. Bu loyihalar qurilish materiallari, konstruksiyalar, elektr texnikasi va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, logistika va trening markazlarini tashkil etishni nazarda tutadi.

Sanoat zonasidagi barcha loyihalar yakuniga yetkazilgach, umumiy hisobda qariyb 5 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi. Shuningdek, 15 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtirilib, 70 mln dollarlik eksport salohiyati yaratiladi. Eng asosiysi, 5 mingdan ortiq fuqaro ish bilan ta’minlanadi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif doirasida Zomin tumanidagi yangi loyihalar ko‘zdan kechirilgan. Xususan, delegasiya yangi ochilgan, «yagona darcha» tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi xizmatlarini bitta joyga jamlagan «Agromarkaz»da bo‘ldi. Xabarda qayd etilishicha, hosildorlikni oshirishga qaratilgan yangicha yondashuvlar viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga ijobiy ta’sir etib, aholini ko‘proq daromad topishiga imkon yaratmoqda.

«Jizzax viloyati kartoshkachilikni rivojlantirishga zamin qilib olinmoqda. Bugungi kunda Zomin ilmiy tajriba stansiyasida xorijiy va mahalliy seleksiyaga mansub 12 ta nav birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yildi. Odatda urug‘lik kartoshka yetishtirish 6–7 yilni va 8 ta bosqichni talab qilsa, yangi taklifga ko‘ra, jarayon 4 bosqichga kamaytirilib, ikki yilda tayyorlanadi. Bunda kartoshkaning yangi seleksiya navlaridan 12 tonna yuqori avlod super elita urug‘lik aholi xonadonlariga bepul tarqatiladi. Natijada 120 tonna elita kartoshka urug‘ligi yetishtiriladi», deyiladi manba xabarida.

Tashrif davomida Zomin tumanida qurilishi rejalashtirilgan madaniyat saroyi va san’at maktabi to‘g‘risida ham axborot berilgan. Manbaga ko‘ra, madaniyat saroyi 300 o‘rinli bo‘lib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda «Zomin sayqali» folklor-etnografik jamoasi, 13 ta to‘garak faoliyat yuritadi. Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Shu bilan birga, 2025-2026 yillarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi, infratuzilmani modernizasiya qilish va barqaror elektr ta’minotini ta’minlash topshirildi.

Malumot uchun, prezident qarori bilan Jizzax viloyatiga 2025 yilda 2 mlrd dollar investisiya jalb etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, viloyat eksporti hajmini 285 mln dollarga yetkazish, 168 ming odamni ishli qilish chora-tadbirlari belgilangan. Bu vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning II yarmida Jizzaxda sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida 200 ta loyiha ishga tushgan. Viloyatga 662 mln dollar investisiya kirib kelgan.

Kiritildi: 16:40 23.07.2025. O'qildi: 760 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!