O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Ijro etuvchi apparati rahbari o‘rinbosari Komiljon Allamjonov bugun, 3 oktyabr kuni lavozimidan ozod etilgan. Bu haqda "Qalampir.uz" manbasi xabar bermoqda.
Komiljon Allamjonov bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida energetika sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng, lavozimidan ozod etilgani aytilmoqda. Komiljon Allamjonov ushbu lavozimga Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 1 dekabrdagi qarori bilan tayinlangan edi. Komil Allamjonov o‘zining jurnalistik faoliyatini O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Yoshlar” teleradiokanali “Davr” informasion dasturida muharrir sifatida boshlagan.
So‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Davlat Soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati rahbari lavozimida ishladi. Faoliyati davomida ko‘plab loyihalarga bosh-qosh bo‘lgan Allamjonovning keyingi yillardagi faoliyati “Milliy” telekanali bilan bog‘landi. Allamjonov telekanal muassisi sifatida ko‘riladi. Ayni damda Komiljon Allamjonovning nima sabab lavozimdan ozod etilgani ma’lum emas.