Pora bermoqchi bo‘layotganlar qo‘lga olinayotgani ayni haqiqat. Bunday holatlarni sanab adog‘iga yetish mushkul bo‘lib qolmoqda...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jamiyatda xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolat muhitini yaratamiz, deb alohida qayd etgan edi.
Adolat – bu qonuniylik, bu korrupsiyasiz hayot va har bir inson o‘ziga yuklatilgan vazifani vijdonan bajarishidir.
Shu kunlarda ommaviy axborot vositalari orqali jamiyatdagi eng tuban illatlardan bo‘lgan poraxo‘rlikka qarshi kurashish jarayoni ochiq-oshkora yoritib borilmoqda.
Ayniqsa, pora bermoqchi bo‘layotganlarning qo‘lga tushib, jinoiy javobgarlikka tortilayotgani ayrimlar uchun negadir kulgili tuyulayotgani ajablanarli. Ijtimoiy tarmoqlarda bunday voqealarga nisbatan ishonchsizlik bildirish, oshkora kulish holatlari uchramoqda.
Lekin har bir odam islohotni o‘zidan boshlashi kerak nazarimda. Masalan, «pora bermasam ishim bitmaydi», degan fikr o‘rniga, «ishim qonuniy hal bo‘lmaguncha kurashaman», «men pora bermayman»...
Ha, pora bermoqchi bo‘layotganlar qo‘lga olinayotgani ayni haqiqat. Bunday holatlarni sanab adog‘iga yetish mushkul bo‘lib qolmoqda. Kuni kecha ham Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirobod tumani bo‘limi inspektori M.S.ga 500 dollar pora bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan. Fuqaro X.A. bu porani qarindoshi D.A.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik va ishni foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga taklif qilgan.
Xodimning bildirgisiga asosan, o‘tkazilgan tezkor tadbirda X.A. 500 AQSh dollarini departament xodimiga berayotganda qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bu holatda barchasi aksincha bo‘lganida jinoyat xaspo‘shlangan, korrupsiya yashagan, eng yomoni, jamiyat orqaga bir qadam tashlagan bo‘lardi. Oldinga qadam tashlash esa har birimizga, qonunga amal qilishimizga, eng asosiysi, pora berishni to‘xtatishimizga bog‘liq. Shunday qilsak, pora oluvchilar uni qayerdan oladi? Hech qayerdan!
Manba: uza.uz