Polsha prokuraturasi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga suiqasd tayyorlashda Rossiya tashqi razvedkasiga yordam berishni rejalashtirgan erkakka rasmiy ayblov qo‘ydi.
Bu haqda 20 may, seshanba kuni, Polsha prokuraturasi ma’lum qildi.
Pavel K. deb tanilgan shaxs 2024 yil aprel oyida Polsha va Ukraina maxsus xizmatlarining qo‘shma amaliyoti natijasida qo‘lga olingan. Unga 8 yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Pavel K. Rossiya harbiy razvedkasi bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan va Ukrainaga qarshi urushda bevosita ishtirok etayotgan rossiyaliklar bilan aloqa o‘rnatgan.
Prokuratura bayonotida aytilishicha, u Rossiya maxsus xizmatlariga Zelenskiyga qarshi ehtimoliy suiqasdni rejalashtirishda yordam bermoqchi bo‘lgan.
Prokurorlar ta’kidlashicha, Pavel K.ning vazifalari Jeshuv-Yasyonka aeroportida xavfsizlik bo‘yicha ma’lumot to‘plash va uni yetkazishni o‘z ichiga olgan.
Shuningdek, 12 may kuni Londonda Rossiya foydasiga josuslik qilganlikda ayblangan olti nafar bolgar fuqarosiga hukm o‘qilgan. BBC ma’lumotiga ko‘ra, ulardan uch nafari 2016 yilda Brexit bo‘yicha parlament muhokamasida ishtirok etgan.