Evropa Ittifoqi va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashayotgan bir sharoitda Polsha armiyasini kuchaytirish bo‘yicha jiddiy choralarni ko‘rmoqda. Hukumat qurolli kuchlar sonini oshirmoqda, og‘ir qurol-yarog‘ va havo mudofaasi tizimlarini xarid qilmoqda, shuningdek, mudofaa sanoatini kengaytirmoqda.
▫️ 45 milliard yevro: Polsha 2026 yilda mudofaa ehtiyojlari uchun YAIMning qariyb 4,8 foizini, ya’ni 45 milliard yevro atrofida mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda.
▫️ Og‘ir harbiy texnika: Polsha Abrams va K2 tanklari, K9 gaubisalari, Borsuk piyodalar jangovar mashinalari, shuningdek, HIMARS va Chunmoo raketa tizimlarini xarid qilmoqda.
▫️ Havo mudofaasi: F-35 qiruvchi samolyotlari, Patriot tizimlari va zamonaviy dronlarga qarshi vositalar yordamida Polsha o‘z havo hududini himoya qilish imkoniyatlarini kuchaytirmoqda.
▫️ Mudofaa inshootlari: «Tarcza Wschód» dasturi doirasida Polsha Belarus va Rossiya bilan chegara hududlarida harbiy inshootlar va kuzatuv tizimlarini kengaytirmoqda. Aerodromlar, yo‘llar, omborlar va logistika markazlari ham modernizasiya qilinmoqda. Bu qo‘shinlar va yuklarni tezkor ko‘chirish imkoniyatini oshirishga qaratilgan.
▫️ Harbiy zavodlar va NATO bilan hamkorlik: Polsha ko‘proq o‘q-dori, uchuvchisiz apparatlar va harbiy texnika ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, mamlakat o‘z hududida ittifoqchi davlatlar qo‘shinlarini joylashtirib, NATO doirasidagi hamkorlik uchun infratuzilmani rivojlantirmoqda.
Polsha siyosati bo‘yicha ekspert Kay-Olaf Lang BILD nashriga bildirishicha, NATO Ukrainaga ta’minotni amalga oshirishda Polshaga katta mas’uliyat yuklamoqda. Uning ta’kidlashicha, Polsha alyansning sharqiy qanotidagi muhim tayanch nuqtalardan biri va markaziy logistika uzeliga aylanmoqda.
Shuningdek, AQSh bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolayotgan Polsha Yevropa davlatlari va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikda muhim bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajarmoqda.