Pokistonning Karachi shahri aeroporti yaqinida 6 oktyabr kuni xitoyliklar bo‘lgan avtomobil kolonnasi portlatib yuborildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, avtomobillarda Xitoyning Pokistonda elektr stansiyalari qurayotgan kompaniyasi vakillari bo‘lgan. Hodisa oqibatida kamida ikki nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan. Xitoyning Pokistondagi elchixonasi biri kishi yaralanganini ma’lum qilgan. Pokiston polisiyasi esa kasalxonaga o‘n nafar yarador yetkazilgani, birining ahvoli og‘irligini aytgan.
Portlash uchun mas’uliyatni Balujiston ozodlik armiyasi — Balujiston viloyatini Pokistondan ajratishni talab qiluvchi isyonchi guruh o‘z zimmasiga olgan. U ko‘p yillardan buyon mamlakatdagi turli ob’ektlarda ishlovchi xitoyliklarga hujum uyushtirib kelmoqda va foydali qazilmalarga boy viloyatdagi Xitoy loyihalaridan olinadigan daromadning adolatli ulushini olmayotganini aytmoqda.
Xitoy elchixonasi bayonotida kolonnada ketayotgan mamlakat fuqarolari Muhammad bin Qosim portida ikkita ko‘mir elektr stansiyasini qurayotgan Port Qasim Power Generation Co Ltd kompaniyasida ishlashini ma’lum qildi. Ushbu port Pokistonning eng yirik shahri Karachi megapolisi kabi Balujistonda emas, balki qo‘shni Sindh viloyatida joylashgan.