Braziliya terma jamoasi hujumchisi Pelening 1958 yilgi Jahon chempionati finalida kiygan futbolkasi «Sotheby's» auksioniga qo‘yiladi, deb xabar bermoqda «The New York Times».
Manbaga ko‘ra, lotning boshlang‘ich narxi 6 million dollardan oshadi. Auksion 29 iyundan 16 iyulgacha — 2026 yilgi Jahon chempionati finalidan uch kun oldin o‘tkaziladi.
1958 yilgi Jahon chempionati finalida Braziliya terma jamoasi Shvesiyani mag‘lub etgan (5:2) va 17 yoshli Pele dubl qayd etgan edi. O‘shandan beri u Jahon chempionati finalida maydonga tushgan va gol urgan eng yosh futbolchi bo‘lib qolmoqda.
Hozirgi kunga qadar eng qimmat futbol futbolkasi Diyego Maradonaning 1986 yilgi Jahon chempionatida kiygan libosi hisoblanadi, u 2022 yilda auksionda 9,28 million dollarga sotilgan.