Fransiya prezidentligiga nomzod Marin Le Pen rahbarlik qiladigan o‘ng qanotdagi «Milliy birlashuv» partiyasining Parijdagi bosh qarorgohida tintuv o‘tkazildi.
Bu haqda BFMTV telekanali ma’lum qildi, deb xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tintuv Parij prokuraturasi tomonidan joriy yil 27 iyul kuni boshlangan tergov doirasida o‘tkazilgan. BFMTV ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiya Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan biri gumon ostiga olingan. U partiya vakillariga maxfiy ma’lumotlarni uzatgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Telekanal xabar berishicha, tintuv vaqtida partiya ofisida Parij prokurorining o‘rinbosari ham bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, u yerga shaxsiy tashrif bilan kelgan. Parij prokuraturasi uning tashrifi mazkur ishga aloqador emasligini ma’lum qilgan.
So‘nggi vaqtlarda Fransiyada o‘ng qanot kuchlariga nisbatan huquq-tartibot idoralarining e’tibori kuchaygan. Oktyabr oyi oxirida ham o‘ng qarashlarga ega bo‘lgan Yevropa parlamenti deputatlarining ofislarida tintuvlar o‘tkazilgan edi. Tergov sobiq «Identichnost i demokratiya» guruhi tomonidan Yevropa Ittifoqi mablag‘laridan maqsadsiz foydalanilgani haqidagi gumonlar bilan bog‘liq. Ushbu guruh tarkibiga «Milliy birlashuv» partiyasi ham kirgan.