Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga ketayaptgan fuqarolarning ko‘zlagan manzili zabt etilmadi.
Postning yashil yo‘lagi orqali harakatlanayotgan ikki nafar ayol bojxona xodimi tomonidan shubhalanib, belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ko‘rik yakunlanganda fuqarolarning har ikkisida ham bir xil holat aniqlandi: ular har birining oyoq kiyimlari tagiga 660 ming Rossiya rubli miqdoridagi naqd xorijiy valyuta qimmatliklarini yashirib, mamlakatdan noqonuniy olib chiqishga uringani fosh etildi.
Yana bir holatda, post orqali o‘zining shaxsiy avtotransportida Qirg‘iziston Respublikasiga chiqib ketayaptgan fuqaro belgilangan tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda 10 200 AQSh dollari miqdoridagi valyuta qimmatliklarini bojxona xodimining og‘zaqi so‘rovida ma’lum qilmay va yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida ko‘rsatmay yashirincha olib o‘tishga uringani fosh etildi.
Ushbu holatda bojxona organlari tomonidan fuqarolarga nisbatan dastlabki prosessual hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqbuzarlik ashyosi bo‘lgan valyuta qimmatliklari vaqtincha saqlovga olindi.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2026 yil davomida umumiy qiymati 1 milliard so‘m bo‘lgan naqd xorijiy valyuta qimmatliklarini bojxona chegaralari orqali mamlakatdan noqonuniy olib chiqilishining oldi olindi.