Oydagi birinchi avtomobil poygalari 2021 yilda bo‘lib o‘tadi. Bu xaqda “planet-today.ru” xabar berdi.
Musobaqalarda masofadan turib boshqarish qurilmalari bilan Wi-Fi orqali boshqariladigan ikkita avtomobil ishtirok etadi. Har bir mashina taxminan 2,5 kg vaznga ega bo‘ladi.
Oydagi ilk poyga uchun transport vositalarini ishlab chiqarishni taniqli dizayner Fre Stivenson boshchiligidagi amerikalik o‘quvchilardan iborat jamoalar o‘z zimmalariga olishadi. Ular tayyor bo‘lgach, “Nova-C” moduli yordamida Oyga yetkaziladi. Musobaqalar avtoulovlarga biriktirilgan maxsus kameralar yordamida translyasiya qilinadi.
Qayd etilishicha, Oydagi ushbu poygalar tarixda birinchisi bo‘lganligi bois ularga alohida tayyorgarlik ko‘riladi. Avtomobillar o‘ta og‘ir sharoitlarda sinovdan o‘tkaziladi, chunki ular bardoshli bo‘lishi lozim. Zero, Oyda nima bo‘lishi mumkinligi noma’lum va ushbu avtomobillar har qanday holatga tayyor bo‘lishi kerak.
AQShning turli hududlaridan kelgan maktab o‘quvchilaridan iborat 6 jamoa Oydagi poyga musobaqalarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishgan. Shu olti jamoadan poyga mashinalarini yaratish va boshqarish uchun eng yaxshi ikkitasi tanlab olinadi. Ammo ushbu ikkita jamoani tanlash uchun barcha ishtirokchilar bir qator maxsus malakali testlardan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Ular orasida dron, kompyuter poygalari hamda boshqa ko‘plab sinovlar mavjud.