Bugun 22 aprel, 2026 yil, chorshanba

КИР

Ostona sammiti: Shavkat Mirziyoyev qanday takliflarni ilgari surdi?

Ostona sammiti: Shavkat Mirziyoyev qanday takliflarni ilgari surdi?

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Mintaqaviy ekologik sammit — “RES 2026” o‘z ishini boshladi (22–24 aprel). Ushbu forum davlatlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar va ekspertlar hamjamiyatini birlashtirib, Markaziy Osiyodagi ekologik hamda iqlim muammolariga yechim topish uchun eng yirik platformaga aylandi.

Sammit BMT ko‘magida o‘tkazilmoqda va suv resurslari, energetika, iqlim o‘zgarishi hamda barqaror rivojlanish masalalarida muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga qaratilgan. Dastur doirasida davlat rahbarlari darajasida yalpi majlislar, mavzuli muhokamalar va amaliy tashabbotlar taqdimoti rejalashtirilgan.

Alohida e’tibor kuchayib borayotgan ekologik tahdidlar — suv tanqisligi, yerlarning degradasiyasi, muzliklarning erishi va bioxilma-xillikning yo‘qolishi kabi muammolarga qaratilgan. Bu omillar mintaqa mamlakatlari iqtisodiyoti va xavfsizligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Sammitning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlat rahbari o‘z chiqishida asosiy muammolar va mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

“Bugungi kunda ekologik muammolarni global iqlim o‘zgarishlaridan ayri holda ko‘rib chiqib bo‘lmaydi. Global isish sur’atlarining tezlashishi davom etmoqda, Markaziy Osiyo mintaqasida esa harorat ikki barobar tezroq ko‘tarilmoqda. Mintaqa muzliklarining qariyb uchdan bir qismi yo‘qoldi, yog‘ingarchilik tartibining beqarorligi kuzatilmoqda, suv resurslari tanqisligi ortib bormoqda. Yer maydonlarining 80 million gektari allaqachon degradasiyaga uchradi”, — dedi Prezident.

Nutq davomida Shavkat Mirziyoyev ekologik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, sanoatni modernizasiya qilish va chiqindilarni kamaytirish uchun “yashil” moliyalashtirishni jalb etuvchi “Markaziy Osiyoning toza havosi” davlatlararo konsorsiumini tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, “Green University” huzuridagi cho‘llanishga qarshi kurash markaziga mintaqaviy maqom berish tashabbusi ilgari surildi. Iqtisodiy choralar sifatida esa “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi”ni yo‘lga qo‘yish, ekologik standartlarni o‘zaro tan olish hamda iqlim loyihalari uchun yagona investisiya portfelini shakllantirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ilmiy va institusional tashabbuslar ham ilgari surildi. Xususan, atrof-muhit o‘zgarishlarining yagona mintaqaviy atlasini yaratish, shuningdek, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Toshkentdagi mintaqaviy ofisi muvofiqlashtiruvida “Markaziy Osiyo Qizil kitobi”ni ishlab chiqish taklif qilindi. Ekologik ta’limni rivojlantirish va yoshlarni jalb etishga ham alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, 2027 yilda O‘zbekistonda Butunjahon yoshlar iqlim forumini o‘tkazish tashabbusi bildirildi. Shuningdek, Samarqandda Global ekologik fondning VIII Assambleyasi va suvni tejash bo‘yicha Jahon forumi kabi yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilishi qayd etildi.

Sammit yalpi majlis bilan boshlandi va unda davlatlar rahbarlari hamda xalqaro tashkilotlar yetakchilari ishtirok etib, keyingi muhokamalar uchun strategik yo‘nalishlar belgilab olindi.

“RES 2026” kun tartibi sakkizta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi – iqlim o‘zgarishiga moslashishdan tortib resurslarni barqaror boshqarish, oziq-ovqat xavfsizligi, havo ifloslanishiga qarshi kurash hamda ekologik va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishgacha.

Forum dasturidan 58 tadbir o‘rin olgan bo‘lib, ular orasida 17 yuqori darajadagi sessiya, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi 4 uchrashuv hamda 37 davra suhbati, konferensiya va seminarlar mavjud. Bu esa siyosiy muloqotni amaliy yechimlar ishlab chiqish va ilg‘or tajriba almashish bilan uyg‘unlashtirish imkonini beradi.

Sammit yakunida bir qator strategik hujjatlar qabul qilinishi kutilmoqda. Ularning eng asosiysi Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining “Markaziy Osiyo ekologik birdamligi” qo‘shma deklarasiyasi bo‘ladi. Ushbu hujjat mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanish sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga sodiqligini mustahkamlaydi. Bundan tashqari, 2026–2030 yillar uchun BMT agentliklari bilan hamkorlikdagi mintaqaviy harakat dasturi tasdiqlanadi.

Umuman olganda, “RES 2026” doirasida 51 ta hujjat imzolanishi rejalashtirilgan. Ular qatoriga 13 ta memorandum, 16 ta qo‘shma bayonot va kelishuvlar, 16 ta mintaqaviy va milliy tashabbuslar hamda aniq ekologik yechimlarni amalga oshirishga qaratilgan 6 ta investisiya loyihasi kiradi.

Kiritildi: Bugun 16:47. O'qildi: 444 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!