Bugun 7 iyul, 2025 yil, dushanba

КИР

Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammiti boshlandi

A A A
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammiti boshlandi

Turkmanboshi shahridagi “Avaza” sayyohlik zonasida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari majlisi boshlandi.

Prezidentlar avval tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov ishtirok etdi.
 
Majlisda jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish, mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv resurslarini muvofiqlashtirgan holda boshqarish, bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamkorligini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari hamkorligida Orol dengizi havzasida ekologik inqirozga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida tuzilgan mintaqaviy tashkilotdir. Ta’sischi davlatlar ushbu jamg‘armaga galma-gal uch yil muddatga raislik qiladi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari navbati bilan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Prezidenti etib saylanadi. 2017 yildan 2019 yilgacha jamg‘armaga Turkmaniston raislik qilmoqda.
 
Ta’kidlash joiz, mazkur sammit jamg‘armaning 2009 yili Toshkentda o‘tgan tarixiy majlisidan so‘ng tashkil etilayotgani bilan ahamiyatlidir. Ta’sischi davlatlar rahbarlarining Toshkent uchrashuvida mintaqada ekologik halokatning oldini olish yo‘lida muhim sa’y-harakatlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olingan edi.
 
Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyat o‘nglab bo‘lmaydigan holatga kelgan, uning salbiy ta’siri tobora kengayib borayotgan bugungi sharoitda davlat rahbarlarining ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasidagi hamfikrliligi alohida ahamiyat kasb etadi.
 
O‘tgan davrda OQXJ doirasida mintaqada murakkab suv xo‘jaligi masalalarini hal etish, suv taqsimoti, Orol dengizi havzasida suv resurslarini birgalikda boshqarish, foydalanish va muhofaza qilish bo‘yicha hamkorlik borasida qator shartnomalar hamda bitimlar imzolandi.
 
O‘zbekiston Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha keng miqyosli loyihalarni amalga oshirdi. Orol dengizi qurigan 350 ming gektar maydonga saksovul va sho‘rga chidamli o‘simliklar ekilib, butazorlar barpo etildi. Bunday hududlarning umumiy maydoni qariyb 700 ming gektarga yetdi.
 
Orol halokati oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha 2013 – 2017 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi doirasida 500 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularning yarmidan ko‘pi milliy loyihalardir.
 
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 – 2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi doirasida Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy holatni, aholi turmush sharoitini yaxshilash, ekologik falokat asoratlarini yumshatish bo‘yicha investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
 
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi va unga 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Bu mablag‘lar hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv ta’minoti, turmush sharoiti yaxshilash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
 
Uchrashuvda Markaziy Osiyoda suv sohasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgani, mintaqa mamlakatlarida suv resurslaridan foydalanish va boshqarish bo‘yicha ikki tomonlama va ko‘p tomonlama loyihalar ro‘yobga chiqarilayotgani ta’kidlandi. Orol muammosi oqibatlarini yumshatish, suvni tejash va hududdagi ekologik holatni yaxshilashda Markaziy Osiyo mamlakatlarining sa’y-harakatlarini birlashtirish, Orolbo‘yi hududi uchun ekologik toza texnologiyalar ishlab chiqish va joriy etishga xorijiy investisiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Manba: muslim.uz
Kiritildi: 06:46 25.08.2018. O'qildi: 2910 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!