Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar davom etayotgani va «samarali o‘tayotgani»ni ma’lum qildi.
U jurnalistlar uchun o‘tkazilgan navbatdagi brifingda eronlik tomon bayonotlari muzokaralar bosqichi to‘xtab qolganini anglatadimi, degan savolga javoban: «Yo‘q. Ular davom etmoqda», — dedi.
Livittning aytishicha, dushanba kuni Donald Tramp ham muzokaralar samarali kechayotganini ta’kidlagan va bu holat hozir ham saqlanib qolmoqda.
U AQSh va Eron vakillari Pokistonda uchrashishi mumkinligi haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi.
Oq uy ma’lum qilishicha, Donald Tramp Eron bilan tinchlikni afzal ko‘radi, ammo zarur bo‘lsa, harbiy harakatlarni davom ettirishga tayyor.
Livittning so‘zlariga ko‘ra, «Tramp blef qilmaydi, u juda qattiq zarba berishga tayyor».
«Prezident doimo tinchlikni afzal ko‘radi, odamlar halok bo‘lishi va vayronagarchilikka hojat yo‘q. Ammo agar Eron hozirgi voqelikni tan olmasa va harbiy mag‘lubiyatga uchrayotganini tushunmasa, prezident Tramp ularga haligacha berilgan zarbalardan ham kuchliroq zarba berilishini ta’minlaydi», — dedi u.
Shuningdek, Livitt Donald Tramp 14–15 may kunlari Pekin shahrida Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashishini bildirdi. Avvalroq bu uchrashuv kechiktirilgan edi.
Uning aytishicha, Si Szinpinning AQShga javob tashrifi 2026 yil oxirida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.