Ayni damda Rossiyada o‘tayotgan futbol bayramini ko‘pchilik katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Har kim o‘zi zo‘r deb hisoblayotgan jamoaning o‘yinini kuzatish, turli taxminlar qilish bilan band. Dunyoning 30dan oriq mamlakatidan kelgan futbol jamoalarining qay biri yakunda birinchilikni qo‘lga kiritishi borasida ayni damda yakdil bir fikrni aytish qiyin. Chunki bu yid yaqqol favorit, to‘xtatib bo‘lmaydigan kuchga ega jamoaning o‘zi yo‘q hozircha.
O‘zbek futboli mazkur chempionatga har tomonlama qulay va natijasi yoqimsiz bo‘lmagan jamoani jo‘natganidan xabaringiz bor. O‘zbekiston jamoasi bu – 90 daqiqa maydonda yugursa ham oyog‘iga bir martagina bo‘lsin to‘p tegmaydigan jamoa. O‘zbek jamoasi – bu cho‘ntagida ikkita rangdor kartochkasi va bo‘ynida o‘yinni taqqa to‘xtatishga qodir bo‘lgan hushtagi bo‘lgan jamoa. Atigi bir necha kishidan iborat bo‘lsa-da, har qanday o‘yinning taqdirini hal qilishga qodir bo‘lgan jamoa. JCH-2018 o‘yinlaridagi O‘zbekiston jamoasi – bu Ravshan Ermatov boshliq hakamlar jamoasi. Ammo hozirgi fikrlarimiz o‘zbek futboli to‘g‘risida emas. Balki futbodagi kutilmagan «o‘yinlar», amaldagi chempionlarning kutilmaganda yer tishlagani to‘g‘risida.
Rossiyada o‘tayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati kutilmagan natijalari bilan ko‘pchilikning taxminlarini puchga chiqardi. Messining noaniq zarbasi, Ronalduning jamoasiga g‘alaba bera olmagan qo‘sha qo‘sha gollari va kutilmaganda amaldagi chempionning Meksikadan mag‘lubiyatga uchrashi… Eng ko‘p hayron qoldirgani, eng ko‘p alam qilgani ham aslida mana shu bo‘ldi, nazarimda.
Germaniya terma jamoasi Meksika bilan o‘yinda kutilmaganda o‘zini boshlang‘ich sinf o‘quvchilari kabi tutdi. Jamoa o‘yinchilari maydon hayajoni va tomoshabinlar yuki ta’siriga tushgani yaqqol sezildi. Germaniya – chempionatlar uchun yaratilgan o‘lkaning 11 azamat o‘yinchisiga Rossiyaning havosi ma’qul kelmadi shekilli. Yoki stadion chimlariga nimadir bo‘ldimikan… Balki, Meksikaliklarning bo‘ylari balandlik qilgandir? Bu kabi mag‘lubiyatni hashpo‘shlovchi bahonalar o‘zbek termasida tez-tez kuzatiladi. Lekin biz Germaniya haqida gaplashyapmiz. Chempionatlarning kamida chorak finaliga chiqish peshonasiga yozib qo‘yilgan jamoa to‘g‘risida.
JCh – 2018 ilk o‘yinida nemis mashinasining pand berishini ko‘pchilik kutmagan edi. Ammo, bu sodir bo‘ldi.
Statistika jihatidan Germaniya o‘yinda g‘alabaga erishdi. To‘pni o‘zida saqlab turish, zarbalar yo‘llash bo‘yicha Meksika ustidan chin ma’noda g‘alaba qozonildi. Ammo, futbolda natija muhim. Aniq yo‘llangan bittagina zarba evaziga Meksika uch ochkoni ilib ketdi. Ana shunday aniq zarbalarning yana uchtasi gol bilan tugamagani esa Germaniyaning omadi bo‘ldi. Katta hisobdagi sharmandali mag‘lubiyat nemislarning keyingi o‘yinlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin-da!
O‘zbek futbol muxlislariga, Germaniyaning qayta chempion bo‘lishini istayotgan hamyurtlarimizga ilk mag‘lubiyat fikrlarini o‘zgartirmasligini so‘ragan bo‘lardik. Nemis mashinasi hali to‘liq ishga tushgani yo‘q. Ilk mag‘lubiyatni sabab qilib ular to‘g‘risida yakuniy fikr bildirishga hali erta. Axir, uzoq yillardan buyon chempionat havosidan nafas olayotgan nemis murabbiysi jamoasining bu qadar oddiy zabt etilishiga rozi bo‘lmasligi aniq. Germaniya hali oyoqqa turadi va chempionatda hech bo‘lmaganda chorak finalgacha shahdam qadam tashlay oladi. Harxolda, shunday natijaga yaxshi gumondamiz.
Xullas, agarda futbol muxlisi bo‘lsangiz va ayni kunlarda Germaniya termasining g‘alabasiga umid qilib turgan bo‘lsangiz, sizga bitta yaxshi maslahat! Bordiyu, nemis mashinasi ishonchingizni oqlamasa, ularni yo‘lda oddiygina mayda toshlar ham to‘xtatib qolayotganidan darag‘azab bo‘lishga shoshilmang. Shunchaki, o‘zbek hakamlar jamoasiga muxlislik qilishni boshlang, tamom. Sizda asabbuzarlik ham, mag‘lubiyat alamlari ham aslo bo‘lmaydi. Olg‘a, Germaniya, yashasin, O‘zbekiston!
Manba: hordiq.uz