Bugun 21 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Odamlarning uch toifasi jannatga kirmaydi

Odamlarning uch toifasi jannatga kirmaydi

Buxoriy va Muslim qayd etadilar:

“Qon-qarindoshlik, yaqinlik aloqalarini uzganlar (silai rahm qilmaganlar) jannatga kirmaydi.

Har payshanba va juma kechasi odamlarning amallari to‘g‘risida Allohga xabar beriladi. Shunda silai rahm qilmaganlarning yaxshi amallari Alloh tomonidan qabul etilmaydi”.

Bayhaqiy rivoyat qiladi:

“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilarki:

“Jabroil qoshimga kelib, dediki: «Bugun Sha’bon oyining o‘n beshinchi kechasi (Baroat Qandili)dir. Bu kecha Alloh Ba’ni qabilasi (qo‘yi ko‘p bo‘lgan bir qabila) qo‘ylarining yungi qancha bo‘lsa (ya’ni, yungining qili qancha bo‘lsa) shuncha odamni afv etadi. Faqat mushriklar, jahlidan tushmaganlar, qon-qarindoshlik aloqalarini uzganlar, silai rahm qilmaganlar, takabburlar va gerdayganlar, onasiga-otasiga qarshi boruvchilar va mayparastlarga qayrilib qaramaydi, ularni yorlaqamaydi».

Ibn Habbon va boshqalar qayd etadilar:

“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

Uch toifa kishilar Jannatga kirmaydi:

1. Mayparastlar.

2. Qon-qarindoshlik aloqalarini uzganlar.

3. Sehrgarlarga ishonganlar”.

Bayhaqiy rivoyat qiladi:

“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

Ummatimning bir toifasi yeb-ichib, kayf-safo qilib, o‘ynab-kulib kun o‘tkazadi. Ertalab esa o‘rinlaridan maymunlar va to‘ng‘izlarga o‘xshab turadilar. Ular yiqilishga va hujumlarga uchrashga mahkumdirlar. Ertalab boshqa insonlar o‘rinlaridan turganda ularga: «bu kecha falonchilar uyida falokat yuz beribdi, bu kecha pistonchilar uyini falonchilar bosibdi!» – degan ovozlar yetib keladi. Harom yo‘ldan yurganlarning uyiga tosh yog‘adi, dedilar. Haqiqatan ham Lut Alayhissalom qavmidan ba’zi qabilalar boshiga va ularning uylariga tosh yog‘gani kabi, bularning ustiga ham tosh yog‘adi. Yana Od qavmining ba’zi qabilalari va uylari ustiga yashin tushgani kabi, bularning ustida ham chaqmoq chaqib, momaqaldiroqlar guldurab turibdi... Agarki, biron halokat sodir bo‘lguday bo‘lsa, bunga sabab ana shulardir, deb o‘ylayman. Bular ichkilik ichib, mast-alast bo‘lishdan qaytmayotirlar, erkaklar ipak ko‘ylaklar kiyib, sozanda va xonanda xotinlar bilan g‘ayrimashru’ aloqalarda bo‘lmoqdalar, foiz yemoqdalar va sudxo‘rlik qilmoqdalar, qon-qarindoshlik aloqalarini uzmoqdalar, silai rahmni unut moqdalar.

Ibn Hobbon qayd etadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida o‘tirardik. Shunday buyurdilar:

“Bugun bu yerda qarindoshlaridan aloqasini uzganlar o‘tirmasin!

Oramizda o‘tirgan bir yosh o‘rnidan turdi, xolasi bilan oralaridan ola mushuk o‘tgan ekan, o‘shanikiga ketmoqchi bo‘ldi. U chiqib ketishdan oldin xolasi bilan oralari buzuqligi uchun afv so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uning uchun Allohdan afv tiladilar. Shundan so‘ng u xolasinikiga borib kelib, oramizga qaytdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qildilar:

“Ichida qarindoshlik aloqalarini uzganlar bor bo‘lsa, bunday millatga Allohning rahmati yog‘maydi”.

Tabaroniy qayd etadi:

“Ibn Mas’ud bomdod namozidan keyin bir jamoat ichida o‘tirardi.

Dediki:

“Xudo haqqi, qon-qarindoshlik aloqalarini uzganlar bor bo‘lsa, oramizdan turib ketsin! Biz Rabbimizga duo o‘qimoqchimiz. Qon-qarindoshlik aloqalarini uzganlar bor bo‘lgan joyda osmon eshiklari yopiq bo‘ladi, duolar qabul bo‘lmaydi”.

Abdurahmon ibn Afv Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgandim, shunday derdilar:

“Alloh buyuradiki: «Men Allohman, men Rahmonman, rahmni yaratdim va shuning uchun bir ismimni ikkiga bo‘ldim. Kim silai rahim qilsa, men unga yaqinlashaman va kimki uni uzsa, undan uzoq bo‘laman!”

Foizning eng yomoni haqsizlik bilan bir musulmonning iffati va nomusiga qo‘l cho‘zmoqdir. Silai rahim Alloh tomonidan berilgan bir rahmatdirki, bir-biriga kirgizilib bir uy qurgan sinchlarga o‘xshaydi. Kim uni buzsa, Alloh ul kimsaga jannatni harom qiladi.

Ibn Hobbon va Tobaroniy qayd etadilar: “Abu Zar hikoya qiladi:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam menga ba’zi go‘zal xulqlarni o‘rgatdilar. O‘git berib aytdilarki:

– O‘zingdan yuksak bo‘lganlarga qarama, doimo o‘zingdan pastdagilarga qara.

Yana o‘git berib aytdilarki:

– Kambag‘allarni sev, ularning eng kambag‘allarini!..

Yana o‘git berib aytdilarki:

– Qarindoshlaring seni kam eslasalar ham, sen ular bilan qarindoshlik rishtalarini uzma.

Yana o‘git berib aytdilarki:

– Diningga mahkam bo‘lganing uchun sen bilan mazax ohangida so‘zlashuvchilardan qo‘rqma.

Yana o‘git berib aytdilarki:

– Achchiq bo‘lsa ham to‘g‘ri gapir, to‘g‘risini ayt.

O‘git berib aytdilarki:

«La havla va la quvvata illa Billah!»ni juda ko‘p ayt. Chunki bu jannat xazinalaridan bir xazinadir.

Bazzor, Tabaroniy va Hokim rivoyat qilishadi:

“Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“Kimdaki uch narsa bor bo‘lsa, Alloh (qiyomatda) uning savol-javobini osonlashtiradi va unga rahmat yog‘dirib, jannatiga qo‘yadi.

Sahoba so‘radi:

– Uch narsa nima, ey Allohning Rasuli?

Rasul sollallohu alayhi vasallam aytdilar:

1. Seni mahrum qilganga sening iltifoting (Senga bermaganga sening berishing).

2. Sen bilan yaqinlikni uzganlarga sening silai rahim qilishing.

3. Senga zulm qilganlarni kechirishingdir. Mana shunday ish qilsang, Alloh seni jannatga qo‘yadi”.

 

Abu Homid G‘azzoliy, 

“Mukoshafat-ul qulub” kitobidan

Manba: islom.uz

Kiritildi: 10:44 16.11.2018. O'qildi: 13773 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!