Bugun 15 dekabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Odamga «jin tegishi» rostmi?

A A A
Odamga «jin tegishi» rostmi?

Savol: «Assalomu alaykum! Muhtaram Ustoz, sizdan bir narsaning xaqiqatini so‘ramoqchi edim. Insonning ichiga jin kirib olishi mumkinmi? Ya’ni insonning ichiga kirib, uning tilidan gapira oladimi? Onamning ichiga jin kirib olibdi, deb aytishyapti. Bu holatda nima qilish kerak? Ustoz, qiyin ahvolda qolganman, nima qilishni bilmayapman. Sizdan iltimos, menga to‘g‘ri javob bersangiz». 

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh: 

Javob: Yuqorida o‘rganilgan oyatlar, hadislar va dinimiz ta’limotlarida odamning ichiga jin kirib olishi haqida biror og‘iz ham gap yo‘q. Bu yerda kelmagan boshqa ma’lumotlarda ham bu haqda biror og‘iz gap yo‘q, desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bundan keyin ham odamning ichiga jin kirib olishi, u yerda turli faoliyatlar olib borishi mumkinligi haqida hech qanday gap yo‘q. Katta ulamolarning davrida ham bu haqda gap bo‘lmagan. Faqatgina hanbaliy mazhabida shunga yaqin gapni uchratish mumkin. Ammo barcha manbalarda jin «tegishi» haqida gap bor.

Avval aytib o‘tilganidek, ulamolarimiz ba’zi bir yomon jinlarning odamlarga ta’siri bo‘lishi mumkinligini aytishadi. Bunda ko‘proq odamning o‘zi aybdor bo‘ladi. Jinlar odamlardan o‘zlariga ishonganlariga, vasvasaga uchganlariga, xayolida turli salbiy holatlarni o‘ylab yurganlariga, jinlardan yordam so‘raganlariga, Alloh taoloning zikridan va Qur’oni karim tilovatidan g‘ofil bo‘lganlariga, jinlardan saqlanish uchun o‘qilishi lozim bo‘lgan duolarni o‘qimay yurganlariga tegishi mumkin.

Agar banda Alloh taoloning aytganini qilib yursa, jinlar unga qarshi hech narsa qila olmaydi. Ammo odam bolasi gumroh bo‘lib, o‘zi shaytonning vasvasasiga uchsa, unga malay bo‘lib olsa, bunday odamga jinning zarari tegishi mumkin. Yuqorida keltirilganidek, Alloh taolo «Hijr» surasining 42-oyatida jinlarning qo‘lidan hech narsa kelmasligi, faqat ergashgan kishilargina bundan mustasno ekani haqida zikr etgan.

«Odamning ichiga jin kirib oladi» degan gap bizda yaqinda paydo bo‘ldi. Avvallari bunday gaplar umuman yo‘q edi. Misrda o‘qib kelganlardan ba’zilari o‘sha yerdagi «jin chiqaruvchi»lardan bu ishni o‘rganib kelishdi. Men jin bilan o‘ralashganlarga bu gapni aytgan edim, ular tan olishdi. «Nimaga boshqalarning ichiga emas, faqat musulmonlarning ichiga jin kiradi?» degan savolga ham javob bera olishmadi. Eng yomoni, bu ishlarning hammasi pul uchun qilinadi. Jin kirganga bepul dam soladigan «jin chiqaruvchi»ni hali birortamiz ko‘rmaganmiz, bilmaymiz. Shariatda jinga qarshi dam solishni kasb qilib olish esa mutlaqo mumkin emas.

Avval aytib o‘tilganidek, Allohni zikr qilish, har doim eslab yurish jin va shaytonga qarshi eng ishonchli va kuchli quroldir. Odamlar o‘zlari bilgan suralarini o‘qib, o‘zlariga dam solib yurishlari kerak. Ayniqsa, hadislarda kelgan Fotiha, Kafirun, Ixlos, Falaq, An-Nas kabi suralarni va «Oyatul Kursiy» kabi oyatlarni o‘qib, o‘ziga dam solib yurish juda ham manfaatlidir.

 

“Folbinlik, sehrgarlik, jin chiqarish va 

noan’naviy davolash kabi ishlarning haqiqati” kitobidan

Islom.uz

Kiritildi: 11:22 01.11.2018. O'qildi: 24339 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!