Bugun 16 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Nyu-Yorkda dunyodagi eng baland qamoqxona quriladi

Nyu-Yorkda dunyodagi eng baland qamoqxona quriladi

Nyu-Yorkning Manxetten markazida g‘ayrioddiy baland bino paydo bo‘ladi: 102 metr balandlikdagi, 13 qavatli bino dunyodagi eng baland qamoqxonaga aylanadi. Unda 1040 nafargacha mahbus saqlanishi mumkin. Loyiha allaqachon «Jailscraper» deb nom olgan — inglizcha jail (qamoqxona) va skyscraper (osmono‘par bino) so‘zlaridan.

Tashqaridan bino zamonaviy ofis markaziga ko‘proq o‘xshaydi: shisha fasad, yashil hududlar va odatiy qamoqxonaga xos belgilar minimal darajada bo‘ladi. Ichkarida yakka kameralar, umumiy xonalar, terrasalar va hatto basketbol maydonchasi bo‘ladi. Derazalar mahbuslarga osmonni ko‘rish imkonini beradi, ammo maxsus metall to‘r ularning pastga, shahar tomon qarashini cheklaydi.

Loyiha mutaxassislar tomonidan tanqid ham qilinmoqda. Arxitektor va kriminolog Andrea Zelixning fikricha, qamoqxonalar besh qavatdan baland bo‘lmasligi kerak. Uning ta’kidlashicha, mahbuslarning oddiy hayotga qaytishi uchun ochiq maydonlar, yer bilan va atrof-muhit bilan aloqa muhim.

Yangi majmua yillar davomida zo‘ravonlik va o‘lim holatlari sabab tanqid qilingan Raykers-Aylenddagi mashhur qamoqxonaning bir qismini almashtirishi kerak. Manxettendagi yangi majmua qurilishi taxminan 3,9 milliard dollarga tushadi.

Uning sud binosi yaqinida joylashtirilishi mahbuslarni shahar bo‘ylab tashish zaruratini kamaytirish imkonini beradi.

Biroq Manxetten aholisi loyihaga qarshi chiqmoqda. Ular qurilish vaqtida shovqin va chang, shuningdek, qo‘shni binolarga ehtimoliy zarar yetishi va hududning obro‘si yomonlashishidan xavotir bildirmoqda.

Kiritildi: Bugun 08:46. O'qildi: 418 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!