Yakunlangan kit ovlash mavsumi natijalarini Norvegiyaning Baliqchilik boshqarmasi e’lon qildi, deb xabar bermoqda Germaniyaning dpa axborot agentligi. O‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, kit ovlovchilar ham hukumat tomonidan belgilangan 1641 ta kit kvotasini bajara olmagan.
Norvegiya suvlarida shimoliy kichik polosatik kit yoki o‘tkirburunli kit ovlanadi (suratda). Uning uzunligi 10 metrgacha yetishi mumkin.
Germaniyaning hayvonlarni himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi Pro Wildlife nodavlat tashkiloti Oslo hukumatini tanqid qilib, kit ovlashni to‘xtatishni talab qildi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Norvegiya hanuzgacha «dunyodagi birinchi kitoboy davlati» bo‘lib qolmoqda va so‘nggi 40 yilda Islandiya hamda Yaponiya birgalikda o‘ldirgan kitlardan deyarli ikki baravar ko‘p kitni o‘ldirgan.
«Hech bir davlat Norvegiyachalik ko‘p kit o‘ldirmaydi va boshqa birovga bu ish shu qadar oson kechishi qiyin, — deya ma’lum qildi Pro Wildlife dpa agentligiga. — Norvegiyani kitoboychilik faoliyati uchun javobgarlikka tortish vaqti keldi».
Norvegiya 1982 yildan buyon kit ovlashga qo‘yilgan xalqaro moratoriyga bo‘ysunmaydi. Mamlakatda kit ovlash rasman oqilona kvotalar belgilanishi, iqtisodiy ahamiyati va madaniy an’analar bilan izohlanadi.