Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 25 mart kuni parlamentdagi hukumat soatida so‘zga chiqib, 2020 yilda o‘zini tahdidlar haqida jamiyatni ogohlantirmaganlikda tanqid qilishganini eslatdi va bu xatodan saboq olganini ta’kidladi.
U muxolifatning, go‘yo u “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi mag‘lub bo‘lsa, xalqni urush bilan qo‘rqitayotgani haqidagi tanqidlariga javob berdi. Pashinyanning aytishicha, Qorabog‘ harakatini davom ettirish yoki to‘xtatish masalasini aynan xalqning o‘zi hal qilishi kerak.
Bosh vazir ta’kidlashicha, “Fuqarolik shartnomasi” parlamentdagi ko‘pchilik sifatida ushbu harakatni davom ettirishdan voz kechgan yagona siyosiy kuch bo‘lib, boshqa partiyalar esa uni qo‘llab-quvvatlash niyatida.
Pashinyanning fikricha, Qorabog‘ harakatini davom ettirish urushga olib keladi, undan voz kechish esa tinchlikni tanlashni anglatadi.
“Bu juda oddiy tanlov va biz bu haqda odamlar bilan gaplashishimiz kerak”, — dedi u.
Shuningdek, u Mustaqillik deklarasiyasi “mojaro va qaramlik mantig‘iga asoslangani”ni qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar mustaqillik asosida barcha qo‘shnilar bilan qarshi turish yotsa, mamlakat mustaqil yashay olmaydi va tobora tashqi yordamga bog‘liq bo‘lib boradi.
“Agar biz o‘zgarmasak, tarixiy taqdirimiz ham o‘zgarmaydi”, — dedi Pashinyan.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, Armanistonning barcha “tarixiy kulfatlari” sababi — mamlakat doimo o‘zini boshqalarga qarshi ishlatishga yo‘l qo‘ygani va buni “kafolatlash” deb ataganidir.
“Biz aynan shu holat barcha baxtsizliklarimiz manbai ekanini tushunmayapmiz”, — deya xulosa qildi u.