Bugun 14 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Netanyaxu hokimiyatni yo‘qotish xavfi ostida

Netanyaxu hokimiyatni yo‘qotish xavfi ostida

Isroil sobiq Bosh shtabi rahbari Gadi Ayzenkot bosh vazirlik uchun kurashda amaldagi hukumat rahbari Binyamin Netanyaxudan o‘zib ketmoqda. Bu haqda 27 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari arafasida Isroilning KAN jamoat teleradiokompaniyasi e’lon qilgan so‘rovnoma natijalari ma’lum qildi.

Tadqiqotga ko‘ra, respondentlarning 43 foizi Ayzenkotni bosh vazir lavozimiga munosibroq nomzod deb hisoblaydi. Netanyaxuni esa so‘rov ishtirokchilarining 38 foizi qo‘llab-quvvatlagan.

Ayzenkotning «Yashar» partiyasi 120 o‘rinli Knessetda 22 ta mandat olishi mumkin. Netanyaxuning «Likud» partiyasiga esa 20 ta o‘rin prognoz qilinmoqda. Bu ko‘rsatkich bir hafta avvalgi so‘rovnomaga nisbatan bittaga kam.

Qo‘llab-quvvatlash darajasi oshganiga qaramay, Netanyaxu siyosiy bloki hukumat tuzish uchun hozircha yetarli o‘ringa ega emas. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, uning tarafdorlari Knessetda 53 ta mandatga ega bo‘lishi mumkin. Hukumatni shakllantirish uchun esa kamida 61 ta o‘rin zarur.

Ayzenkot boshchiligidagi blokka 50 ta mandat prognoz qilingan. Ikki lagerga ham kirmaydigan partiyalar esa jami 17 ta o‘rinni qo‘lga kiritishi mumkin.

Netanyaxuning ehtimoliy ittifoqchilari orasida milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning «Yahudiy kuchi» partiyasiga 9 ta, «Tavrot yahudiyligi» partiyasiga 8 ta, SHAS partiyasiga 7 ta va «Diniy sionizm — Zeut» ittifoqiga 5 ta mandat prognoz qilinmoqda.

Sobiq brigadir general Ofer Vinter boshchiligidagi «Amxa Israel» partiyasi 4 ta o‘rin olishi mumkin. Avvalgi so‘rovnomada esa bu partiya saylov to‘sig‘idan o‘ta olmagan edi.

Arab partiyalariga jami 13 ta mandat prognoz qilingan: Birlashgan ro‘yxatga 8 ta, Mansur Abbos boshchiligidagi RAAM partiyasiga esa 5 ta o‘rin.

So‘rovnoma saylovchilar orasida noaniqlik yuqori ekanini ham ko‘rsatdi. Respondentlarning 30 foizi hali qaysi partiyaga ovoz berishini hal qilmagan, 21 foizi esa saylovda umuman ishtirok etmaslik ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.

Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilarining 54 foizi saylovdan oldin Netanyaxu va Ayzenkot o‘rtasida televizion debat o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagan. Bunday uchrashuvni «Likud»ning ehtimoliy saylovchilari orasida ham 38 foiz kishi ma’qullagan.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, hozircha na Netanyaxuning hukmron bloki, na Ayzenkot boshchiligidagi muxolifat mustaqil ravishda parlamentda ko‘pchilikni shakllantira oladi.

Saylov natijasi kichik partiyalarning pozisiyasi va hali bir qarorga kelmagan saylovchilarning tanloviga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Kiritildi: 20:10 13.10.2026. O'qildi: 611 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!