Isroillik yuqori martabali amaldor Reuters agentligiga tashrif haqiqatdan ham bo‘lib o‘tganini tasdiqlagan. Biroq Netanyaxu idorasi va BAA Tashqi ishlar vazirligi uchrashuv bo‘yicha rasmiy izoh bermagan.
Isroilning Channel 12 telekanali xabariga ko‘ra, Netanyaxu Abu-Dabiga xususiy samolyotda kelgan. U Isroildan tush paytida uchib chiqib, taxminan soat 15:10 da BAA poytaxtiga qo‘ngan va oradan to‘rt soatcha o‘tib mamlakatni tark etgan.
Uchrashuvda qanday masalalar muhokama qilingani hozircha ochiqlanmagan. Tashrif Yaqin Sharqdagi davom etayotgan inqirozlar va Isroil hamda BAA o‘rtasidagi aloqalar fonida bo‘lib o‘tdi. Ikki davlat 2020 yilda «Ibrohim kelishuvlari» doirasida diplomatik munosabatlar o‘rnatgan.
Uchrashuvga yana bir sabab bilan e’tibor kuchaydi. Sentyabr oyida Haaretz nashri BAA prezidenti 2023 yil 7 oktyabrdagi HAMAS hujumidan taxminan bir yarim hafta oldin Netanyaxuni yirik operasiya tayyorlanayotgani haqida ogohlantirgani haqida xabar bergan edi.
The New York Times ham keyinchalik bu kabi ogohlantirish bo‘lgani haqida ikki manbaga tayanib xabar tarqatdi. Biroq Muhammad bin Zoid bu ma’lumotni qayerdan olgani va suhbatning to‘liq mazmuni ochiq tasdiqlangan emas.
Netanyaxu esa Haaretz xabaridagi ma’lumotlarni rad etgan va gazeta ustidan sudga murojaat qilish niyatini bildirgan. BAA rasmiylari ham bunday suhbat bo‘lganini tasdiqlamagan.
Abu-Dabidagi so‘nggi uchrashuvning asosiy mavzulari hozircha sir saqlanmoqda. Tomonlar esa diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan keyin ham ochiq va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa kanallarini saqlab kelayotganini bildirgan.