Nepalning Xitoy bilan chegaradosh hududida o‘tgan hafta sodir bo‘lgan vayronkor suv toshqini oqibatida kamida 1003 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda seshanba kuni Nepal favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tayanib BBC xabar berdi.
3900 dan ortiq kishi hanuz bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida. Ular orasida Trishuli daryosi bo‘yidagi gidroelektr stansiyalarining loy bilan to‘lib qolgan ulkan tunnellar tarmog‘ida qolib ketgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan 600 nafardan ortiq ishchi ham bor. Hozir muhandislar tunnellarga havo yuborish bilan mashg‘ul.
Qutqaruvchilar guruhi tunnellardan biriga kirishga muvaffaq bo‘lgan, biroq yer ostida hech kimni topmagan.
Nepal Bosh vaziri Balendra Shahning aytishicha, dushanba kuni elektr stansiyalaridan 279 kishi qutqarilgan.
Qutqaruv operasiyasini Xitoy va Nepal harbiy xizmatchilaridan tashkil topgan xalqaro guruh olib boryapti. Unda Hindiston, Janubiy Koreya va Avstraliya mutaxassislari ham ishtirok etyapti.
Nepal elektr energiyasi ishlab chiqarishda gidroenergetikaga sezilarli darajada bog‘liq. Mamlakat ko‘p yillardan beri tog‘ daryolari bo‘ylab gidroenergetika loyihalarini rivojlantirib keladi.
Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, suv toshqini oqibatida foydalanishga topshirilgan va qurilishi davom etayotgan kamida 11 ta gidroenergetika loyihasi zarar ko‘rgan.
O‘tgan dam olish kunlari qutqaruvchilar tunnellarga havo haydashni boshlagan. Biroq yer ostida qolib ketgan ishchilarning yaqinlari bu ishni ertaroq amalga oshirish kerakligini ta’kidlayaptilar.
Nepal hukumati rahbari qutqaruv operasiyasi kuchaytirilishini ma’lum qilib, vayronkor suv toshqinini global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘ladi.
Kiritildi: 15:57 02.09.2026.
O'qildi: 1102 marta.
Fikrlar soni: 0 ta.