Nepalning Budxi-Gandaki daryosidagi tabiiy to‘g‘on buzilishi oqibatida suv toshqini sodir bo‘ldi. O‘zanidan chiqib ketgan daryo suvlari bir nechta ko‘prik va o‘nlab uylarni yuvib ketdi hamda GES quruvchilarining lagerini vayron qildi.
Xabar qilinishicha, daryo qirg‘og‘ida yashovchi 50ga yaqin kishi qutqarilgan, besh kishi bedarak yo‘qolgan.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, tabiiy to‘g‘on bir qancha vaqt oldin Budxi-Gandaki daryosi oqib o‘tuvchi darada tosh ko‘chkisi yuz berishi natijasida hosil bo‘lgan. Suv to‘lishi oqibatida yuzaga kelgan kuchli bosim ostida to‘g‘on buzilib ketgan va kuchli oqim pastga qarab yo‘l olgan. Toshqin oqibatida GES quruvchilari qurilish ashyolari va texnikani olib o‘tishda foydalanadigan Beyli ko‘prigi hamda bir nechta osma ko‘prik vayron bo‘lgan. Daryo sohili bo‘ylab joylashgan elektr uzatish liniyalari, uylarni suv yuvib ketgan.
Ikki soat ichida daryodagi suv sathi 2 metrdan 8,5 metrgacha ko‘tarilgan. Hukumat oqim yetib kelishidan 20-30 daqiqa oldin aholini ogohlantirishga ulgurgan va ko‘plab kishilar tepaliklarga chiqib olgan.
Nepalda avgust oyida ham kuchli suv toshqini sodir bo‘lgandi. Ushbu tabiiy ofat natijasida halok bo‘lganlar soni 1455 nafar deb e’lon qilingan, 5285 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.