7–8 iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti arafasida barcha tayyorgarlik ishlari yakunlandi. Turkiya poytaxtida xavfsizlik choralari kuchaytirildi, minglab delegatlar va mehmonlar qabul qilinmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, tadbir Anqara iqtisodiyotiga 200 million dollardan ortiq daromad keltirishi mumkin.
Sammitning asosiy mavzulari NATO mamlakatlarining mudofaa xarajatlarini oshirish, Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirish hamda alyansning kelgusi strategiyasini belgilashdan iborat bo‘ladi.
Ayni paytda AQSh prezidenti Donald Trampning pozisiyasi sammitdagi eng katta noaniqlik sifatida baholanmoqda. U so‘nggi paytlarda Yevropa ittifoqchilarini NATO doirasida yetarlicha mas’uliyatni zimmasiga olmayotganlikda tanqid qilib kelmoqda.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte esa alyansni yangi sharoitlarga moslashtirish zarurligini ta’kidlab, shartli ravishda «NATO 3.0» konsepsiyasini ilgari surdi. Uning fikricha, Yevropa mamlakatlari umumiy mudofaa tizimida kattaroq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi, AQSh esa an’anaviy va yadroviy tiyib turish vazifasini saqlab qolishi lozim.
Sammit kun tartibidagi yana bir muhim masala — Ukrainaga ko‘rsatiladigan yordam. Loyihaga ko‘ra, NATO davlatlari 2026 yilda 70 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratishi va 2027 yilda ham kamida shu darajadagi moliyalashtirishni saqlab qolishi rejalashtirilgan.
Biroq bu masala bo‘yicha yagona pozisiya shakllanmagan. Xususan, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fiso o‘z mamlakati Ukrainadagi urushni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratmasligini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, AQSh NATO mamlakatlaridan mudofaa xarajatlarini yanada oshirish bo‘yicha aniq hisobotlar kutayotganini bildirdi. Avvalroq alyans davlatlari 2035 yilga qadar mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha yetkazish maqsadini qo‘llab-quvvatlagan edi.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, sammit yakuniy deklarasiyasida Rossiya Evroatlantika xavfsizligi uchun uzoq muddatli tahdid sifatida baholanishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan tahlilchilar Anqara sammitini NATOning kelgusi siyosati va transatlantik munosabatlar uchun muhim bosqich sifatida baholamoqda.