Bugun 29 aprel, 2024 yil, dushanba

КИР

Namanganda xolasini o‘ldirgan jiyanga sud hukmi o‘qildi

Namanganda xolasini o‘ldirgan jiyanga sud hukmi o‘qildi

Jahl va murosasizlik Zafar Karimboyevni (ismi shariflar o‘zgartirilgan) voyaga yetkazgan xolasining qotili sifatida yuzini qora qilib, sudning qora kursiga olib keldi. Uning qilmishi sabab bir inson hayotdan bevaqt ko‘z yumdi, biri esa jabr tortdi. Sudda sudlangan o‘z aybiga iqror bo‘lib, quyidagilarni ma’lum qildi:

– Onam Karimboyeva Mashhura 1997 yilda ko‘krak bezi saratonidan vafot etganidan keyin otam bizni buvimning qo‘lida qoldirdi va o‘zi boshqa turmush qurib, alohida chiqib ketdi. O‘shanda men 3 yoshda edim. 2006 yilda buvim olamdan o‘tdi. Shundan keyin biz onamning turmushga chiqmagan singlisi Alimova Masturaning qaramog‘ida qoldik. Voyaga yetgach, Qozog‘istonning turli shaharlarida novvoychilik, ustachilik qildim, issiqxonalarda ishlab, pul topdim, tirikchilik qildim. Men Qozog‘istonda ishlab yurgan vaqtimda akam Asqarjon kelinoyim Dilafro‘z bilan oila qurishdi. Ular ham xolamning uyida yashashadi. Opam Ozoda esa turmushga chiqib ketgan. O‘sha kuni o‘zim novvoy bo‘lib ishlaydigan novvoyxonadan chiqib, qattiq charchaganim tufayli dam olish maqsadida to‘rt bokal pivo sotib olib, ichdim. Uyga kelganimda xolam televizor ko‘rib o‘tirgan, kelinoyim esa oshxona ishlarini bajarayotgan ekan. Indamay, o‘zimga ajratilgan xonaga kirib ketayotganimda, xolam "Qachongacha ichib kelasan? Hozir hudud profilaktika inspektorini chaqiraman. O‘zi bemor bo‘lsam, meni qiynab yubording! Onangning erta o‘lib ketishiga sen bilan akang aybdor, endi navbat mengami? Uyimdan chiqib ket!" deb baqirdi. Spirtli ichimlik iste’mol qilganim uchun bu gap menga qattiq ta’sir qildi. Oshxonaga kirib stol ustida turgan jigar rang sopli pichoqni olib chiqib, xolamga o‘dag‘ayladim. Ammo xolam bundan cho‘chimadi, aksincha “So‘ymoqchimisan, so‘y!” deb baqirdi. Uning bu gapi battar asabimni o‘ynadi, chapaqay bo‘lganim bois chap qo‘limdagi pichoqni uning ko‘krak qafasiga urdim. Bu holat bir necha marotaba takrorlandi. Xolam kresloga o‘tirib qoldi. Shu payt uydan kelinoyim chiqib, "Nima qilib qo‘ydingiz?" deb baqirdi. Uning bu gapidan keyin pichoqni yerga tashlab, ko‘chaga chiqib ketdim. Ko‘chada hudud profilaktika inspektorini ko‘rib qolib, unga bo‘lib o‘tgan voqeani ro‘y-rost aytib berdim. Xolamni o‘ldirish niyatim yo‘q edi, hozirda qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonligimni hisobga olib qonuniy yengillik berishingizni so‘rayman..."

Sud majlisi davomida sud taraflarni fikrini eshitib, jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan dalillar, sudlanuvchi Karimboyev Zafarni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, 12 (o‘n ikki) yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi.

Azamat G‘apporov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi sudyasi

Kiritildi: 13:49 20.02.2020. O'qildi: 2551 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!