Bugun 21 noyabr, 2025 yil, juma

КИР

Namanganda mansabdorlar tashkil etgan “bunker” fosh bo‘ldi

Namanganda mansabdorlar tashkil etgan “bunker” fosh bo‘ldi

Namangan shahrida ta’lim tizimida ishlovchi mansabdor shaxslar tomonidan tashkil qilingan “bunker” fosh etildi.

Namangan viloyati Davlatobod tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari, Namangan davlat texnika universiteti bo‘lim boshlig‘i hamda ushbu bo‘lim mutaxassisi va boshqalar o‘zaro til biriktirib, malaka toifalarini belgilash uchun o‘tkazilgan attestasiya imtihonlari doirasida test sinovlarini topshirishlarida pedagog o‘qituvchilarga moddiy manfaat evaziga “bunker” orqali masofadan turib yordam berganliklari aniqlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “bunker” sifatida foydalanilayotgan xonadon ko‘zdan kechirildi.

Natijada, ushbu manzilda test savollarini yechishga jalb qilingan 12 nafar o‘qituvchi borligi aniqlanib, noutbuk, 30 dona har xil turdagi eshitish moslamasi va yashirin kameralar, 8 dona “Wi-Fi” router va boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Tergovga qadar tekshiruv tadbirlari davomida, maktab direktori o‘rinbosari va boshqalar imtihon natijalarini ijobiy hal qilib berishga ishontirgan holda, viloyatdagi pedagog o‘qituvchilarning ma’lum bir qismidan 1300-1500 AQSh dollaridan talab qilib, joriy yil sentyabr-oktyabr oylarining o‘zida 25 ming AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i yig‘ib olishgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash lozimki, Davlatobod tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori o‘rinbosari hamda “bunker”ni boshqarayotgan, 2001 y.t. fuqaro muqaddam aynan shunday jinoyat sodir etganliklari uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar hisoblanadi.

Kiritildi: 20:55 20.11.2025. O'qildi: 773 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!