Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Namanganda abituriyentlar nomidan testga “kalla” qilgan uch talaba ushlandi

Namanganda abituriyentlar nomidan testga “kalla” qilgan uch talaba ushlandi

Ayni kunlarda Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida tashkil etilgan pavilyonda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalariga 2019-2020 o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkazilmoqda.

Qayd etish kerakki, test sinovlarini qulay va adolatli, shaffof tarzda tashkil etilishi uchun tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan yetarli darajada shart-sharoitlar yaratildi.

Taassuflar bo‘lsinki, mamlakatimizda test sinovlarini adolatli va xolisligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga “chang solish” qabilidagi ayrim qonunbuzilish holatlari ham uchrayotganligi tashvishlanarli holat.

Shu yilning 3 avgust kuni DXX Namangan viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “Barkamol avlod” sport majmuasi pavilyoniga soxta hujjatlar bilan (biometrik pasportdagi va test sinovlariga kirish uchun DTM ruxsatnomasidagi rasmlarni almashtirib) “mijoz” abituriyentning o‘rniga “kalla” sifatida kirayotgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Namangan davlat universiteti va Namangan muhandislik-texnologiya institutining 3 nafar talabasi aniqlandi. Bu “uddaburon” uchovlon Hukumatning 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli va 2018 yil 3 apreldagi 261-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan Nizom talablarini qo‘pol ravishda buzganligi sababli test sinovlaridan belgilangan tartibda chetlatildi.

O‘rganish davomida abituriyentlarni noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kirishini tashkillashtirgan shaxs – 1985 yilda tug‘ilgan, Norin tumanida yashovchi A.K.D. ekanligi aniqlandi va u tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha, A.K.D. “mijoz” abituriyentlarni 3 ming 500 AQSh dollari evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. “Kalla” bo‘lishga so‘z bergan “uchar” talabalarga ularga biriktirilgan “mijoz” shartnoma asosida o‘qishga kirsa 800 AQSh dollari, “grant”ga kiradigan bo‘lsa 1 ming 200 AQSh dollari berishini aytadi. Reyd natijasida ayrim “kalla”larga test kuni “mijoz”ning soxta pasporti va ruxsatnomasi bilan birga kelishilgan pullarni berganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan fuqaro A.K.D. ga nisbatan tegishli huquqni muhofaza qilish idorasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shunga aytishsa kerakda, buzoqning yugurgani somonxonaga deb... Ayrim shaxslar o‘z nafsini deb, mo‘may pul ilinjida qo‘l urgan qing‘ir ishlari baribir fosh bo‘lishini qachon anglab yetar ekan?...

Kiritildi: 10:39 07.08.2019. O'qildi: 1893 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!