Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Murda va tobut uchun 600 ming dollar. Charli Chaplinning tobuti nega o‘g‘irlab ketilgan edi?

Murda va tobut uchun 600 ming dollar. Charli Chaplinning tobuti nega o‘g‘irlab ketilgan edi?

Buyuk komik va kino ustasi Charli Chaplin odamlarni kuldirish bilan mashhur bo‘lgan, ammo o‘limidan keyin u bilan sodir bo‘lgan voqealar hech kimga kulgili tuyulmaydi. «Daryo» komediya qirolining vafotidan keyin sodir yuz bergan g‘ayrioddiy hodisa haqida hikoya qiladi.

1977 yil Rojdestvo kuni Chaplin vafot etadi. O‘limidan so‘ng Shveysariyaning Jeneva ko‘li tepasidagi tepaliklarda joylashgan Korsier-sur-Vevey qishlog‘idagi qabristonga dafn etilgan. Chaplinning Shveysariyaga borib qolishi ham o‘zgacha tarix. 1952 yilda Chaplinning «Diqqat markazida» filmining premyerasi AQShda bo‘lishi kerak edi. Ammo Chaplinning dushmanlari uning o‘zi va filmlarini kommunistik xayrixohlikda ayblashgan va shu tufayli  AQShga qayta kirish vizasi berilishini rad etishganidan so‘ng, oila Shveysariyada qolib yashashga majbur bo‘lishgan edi.

Dafn marosimidan bir necha oy o‘tgach, 1978 yil 2 martda ikki bezori juda g‘aroyib  tarzda pul ishlashga qaror qildi: ular buyuk Chaplinning jasadini qabrdan o‘g‘irlab, uning bevasidan katta miqdordagi pul – 600 ming AQSh dollari talab qilishdi. Una Charli Chaplinning to‘rtinchi rafiqasi (Mildred Xarris, Lita Grey va Pauletta Goddarddan keyin) va dramaturg Yevgen O‘Nilning qizi edi.

Chaplinning bevasi Unadan o‘g‘rilar naqd 600 000 AQSh dollar miqdorida to‘lovni talab qilganidan so‘ng, polisiya uning telefonini nazoratda ushlab kuzata boshladi. Una erining murdasi uchun o‘g‘rilarning bu talabini «kulgili» deb to‘lovni to‘lashdan bosh tortgan edi. Polisiyachilar Una xonimga go‘yoki rozi bo‘lgandek o‘zini tutishini iltimos qilishgan. Una xonim keyinchalik bu bema’ni holatni  «Agar Chaplin tirilib kelsa, buni ko‘rib kulgidan yana qayta o‘lishi mumkin edi» deb izohlagan. Polisiya surishtiruviga mamlakatning eng kchli detektivlari jalb qilindi va bundan tashqari mintaqadagi 200 ta telefon budkalarini tunu kun kuzatish boshlandi. Keyinroq qo‘ng‘iroq qiluvchilar uning eng kenja farzandiga tahdid qilishdi.

Murda va tobut uchun 600 ming dollar. Charli Chaplinning tobuti nega o‘g‘irlab ketilgan edi?

Foto: Google Photos

Besh haftalik tergovdan so‘ng, polisiya ikki avtomashina mexanigi – polshalik Roman Vardas va bolgariyalik Ganscho Ganevni hibsga oldi. Aniqlanishicha, ular Chaplin murdasini 17 may kuni Chaplinlar oilasidan bir chaqirim uzoqlikda joylashgan makkajo‘xori maydoniga ko‘mib yuborishgan.

Sudda erkaklar hech qachon tanani tahqirlash yoki uni olib ketishni niyat qilmaganliklarini da’vo qilishdi. Dastlab Chaplinning tobutini olib tashlash, qabrni chuqurroq qazish va keyin uni yer osti qatlami ostida yashirish rejalashtirilgan edi. Murdani o‘g‘irlash o‘rniga, ular faqat uning yo‘q bo‘lib ketishi haqidagi taassurot qoldirishni xohlashganini aytishdi. Ammo ishlar rejadan chiqib ular murdani o‘g‘irlashga majbur bo‘ldilar. Yil oxiriga kelib, Shveysariya sudi ikkala shaxsni ham o‘liklarning tinchligini buzishda va tovlamachilikda aybdor deb topdi.

Internetda bu odamlar va ularning keyingi taqdiri haqida ozgina ma’lumot mavjud. Xabarlarga ko‘ra, ikki jinoyatchi 1977 yilda Italiyada sodir bo‘lgan shunga o‘xshash voqeadan ilhomlanib, tezda boyib ketishga umid qilishgan. Sudlanganidan keyin ikki erkak Una Chaplin xonimga o‘zlarining chin dildan afsuslanishlarini bildirgan maktublar yuborishdi. Oxir oqibat Una ularni kechirdi.

Hodisa uyushtiruvchisi deb topilgan Vardas to‘rt yarim yillik og‘ir mehnatga hukm qilindi. Ganev 18 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi, chunki uning jinoyat uchun javobgarligi cheklangan edi.

Murda va tobut uchun 600 ming dollar. Charli Chaplinning tobuti nega o‘g‘irlab ketilgan edi?

Foto: Google Photos

Chaplinga kelsak, uning oilasi kelajakdagi o‘g‘irlik urinishlarini oldini olish uchun uning jasadini beton qabrga qayta ko‘mgan. 6 futlik beton quyilgan qabr qaroriga uning bevasi Una Chaplin keladi. U bu qarorini yana bir shunday hodisani ko‘tara olmasligi bilan izohlagan.

Yana shunday o‘g‘irliklar tarixi

Jasadni o‘g‘irlash  va bu orqali boyish harakati uzoq tarixga ega. Qadimiy Misr tarixiga oid mumiyolangan tanalarni pullash Yevropada XVIII asr boshlarida kuzatilgan. Hatto, qirolicha Viktoriya davridagi anatomiklar va shifokorlar uchun yangi ko‘milgan tanani qazib oluvchi maxsus kasb egalari ham bo‘lgan. Bu hollar mo‘may pul uchun qilingan bo‘lsa, ba’zida bu ish siyosiy yoki qasos tarzida ham amalda ko‘ringan. Masalan, Avraam Linkolnning o‘ldirilishidan keyin uning jasadini qo‘lga olish uchun bir nechta rejalar mavjud edi. Qo‘shiqchi Elvis Presli vafotidan ko‘p o‘tmay, to‘rt kishi uning maqbarasini buzmoqchi bo‘lgan paytda hibsga olingan. Mashhur Eva Peronning jasadi o‘nlab yillar davomida qayta-qayta ko‘milgan. Bir necha yil oldin Enzo Ferrari jasadi oilaviy qabrdan o‘g‘irlab ketilishi mumkin edi, o‘g‘rilar Ferrari tanasi uchun 10 million dollar ishlab olishni rejalashtirgan edi.

Kiritildi: 08:38 06.03.2021. O'qildi: 3992 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!