Avvalroq, O‘zbekiston xalq artistlari Muhabbat Shamayeva va Izro Malakov joriy yilning 28 avgust kuni Toshkentdagi “Turkiston” san’at saroyida konsert dasturini taqdim etishi haqida xabar bergan edik.
Bugun, 25 avgust kuni O‘zbekiston xalq artistlari Muhabbat Shamayeva va Izro Malakov AQShdan Toshkentga keldi, deb yozmoqda Qalampir nashri. Ularni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulbahor Erqulova va Sultonposhsha O‘dayeva kutib olgan.
Ayni damda Muhabbat Shamayeva va Izro Malakov Toshkentdagi “City Palace” mehmonxonasiga joylashganlar. Ertaga, 26 avgust kuni ular Samarqandga yo‘lga chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning may oyida AQShga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida o‘zbekistonlik madaniyat va san’at arboblari bilan uchrashgan edi. Ushbu uchrashuv vaqtida o‘zbek maqom san’ati, o‘zbek millatining boy madaniy merosini dunyoda targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakov O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti faxriy unvoni bilan taqdirlangandi.
Ma’lumot o‘rnida, Muhabbat Shamayeva va Izro Malakov mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekistonni tark etib, AQShga yo‘l olgan va bugungacha AQShda istiqomat qilib kelayotgan ilk buxoro yahudiylaridan sanaladi.