Bugun 9 avgust, 2026 yil, yakshanba

КИР

Mirziyoyev Trampga tabrik maktubi yo‘lladi

Mirziyoyev Trampga tabrik maktubi yo‘lladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga AQSh milliy bayrami — Mustaqillik kuni hamda mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

«Sizga hamda do‘st Amerika xalqiga ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi nomidan eng samimiy tabriklar va ezgu tilaklarni yo‘llashdan g‘oyat mamnunman.

Sizning dadil va shijoatli rahbarligingiz ostida AQSh iqtisodiy qudrati va ta’sirini yanada oshirib, global taraqqiyot hamda xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda, barcha davlatlar bilan amaliy hamkorlik aloqalari jadal rivojlanmoqda», — deyiladi maktubda.

Prezidentimiz bunday ijobiy jarayonlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi aloqalarni har tomonlama kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratayotgani, o‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan munosabatlar yangi mazmun bilan boyib borayotganini ta’kidladi.

Maktubda o‘zaro savdo hajmini oshirish, qo‘shma investisiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish, muhim mineral resurslar va innovasion kooperasiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari hisoblanishi qayd etildi.

Shuningdek, xavfsizlik sohasidagi muloqot va amaliy sheriklikni yanada mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirildi. Noqonuniy migrasiya, terrorizm, ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda birgalikdagi sa’y-harakatlarni kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy va global formatlar, avvalo, «C5+1» platformasi, BMT hamda boshqa xalqaro institutlar doirasidagi hamkorlik Prezident Donald Trampning faol qo‘llab-quvvatlashi bilan sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil dekabr oyida Mayami shahrida bo‘lib o‘tadigan «Katta yigirmalik» sammiti doirasidagi uchrashuvni katta qiziqish bilan kutayotganini ta’kidladi.

Kiritildi: 20:41 05.07.2026. O'qildi: 918 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!