«Inter Mayami» klubining 38 yoshli argentinalik yarim himoyachisi Lionel Messi faoliyatining ilk yillarida fuqaroligini o‘zgartirish ehtimoli haqida so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, Ispaniya uning shaxsiga katta qiziqish bildirgan va o‘z terma jamoasida o‘ynashga ko‘ndirishga harakat qilgan.
«Ma’lum bir vaqtda Ispaniya terma jamoasi vakillari men bilan bog‘lanishgan. Ular meni ko‘ndirishga harakat qilishdi. Men argentinalikman, lekin «Barselona»ga juda yosh vaqtimda kelganman. Ispaniya uchun o‘ynash imkoniyati bor edi, lekin men doim Argentina sharafini himoya qilishni xohlaganman», — deya Messining so‘zlarini «The Touchline» nashri X ijtimoiy tarmog‘ida keltirmoqda.
Messi Argentina terma jamoasida 2005 yil 17 avgustda Vengriyaga qarshi o‘yinda debyut qilgan. Ushbu bahsda u 64-daqiqada maydonga tushgan, biroq raqibning tomoq qismiga qo‘pol zarba bergani uchun bir daqiqa o‘tmasdayoq maydondan chetlatilgan edi. Muvaffaqiyatsiz startga qaramay, Messi milliy jamoa safida 196 ta o‘yin o‘tkazib, 115 ta gol urdi. Uning yutuqlari orasida ikkita Amerika Kubogi va 2022 yilgi Jahon chempionatidagi g‘alaba mavjud.