Argentinalik futbol yulduzi Ispaniya professional futbolidagi investisiyalarini kengaytirmoqda.
Messi Ispaniyaning ikkinchi divizionida ishtirok etuvchi «Eldense» klubini sotib olish bo‘yicha prinsipial kelishuvga erishdi. Bitim rasman yakunlansa, u klub aksiyalarining 100 foizini sotib oladi. Shu tariqa Messi futbolga investisiya kiritish orqali o‘z faoliyatini yanada kengaytirmoqda.
«Eldense» Alikante viloyatidagi Elde shahrida joylashgan. Klub joriy mavsumda Ispaniyaning ikkinchi divizioni — Segundada ishtirok etmoqda.
Messi klubni amaldagi asosiy egasi — kolumbiyalik TH Soluciones Group S.A.S. investisiya guruhidan sotib olishi kutilmoqda. Ushbu guruh «Eldense»ni 2025 yil oktyabr oyida nazoratiga olgan.
Bitimni rasmiylashtirish uchun so‘nggi yuridik va shartnomaviy jarayonlar, jumladan, moliyaviy tekshiruv — due diligence yakunlanishi kerak. Shuningdek, kelishuv Ispaniya Oliy sport kengashi (CSD) tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Messi joriy yilning aprel oyida Ispaniyaning quyi divizionida ishtirok etuvchi «UE Cornellà» klubini ham sotib olgan edi. Agar «Eldense» bilan bitim yakunlansa, bu uning Ispaniya futbolidagi ikkinchi klub egaligi bo‘ladi.
«Eldense»ning sport natijalari esa hozircha qoniqarli emas. Jamoa mavsumning dastlabki to‘rtta liga uchrashuvida ikki ochko to‘plagan. Shu sababli klub bosh murabbiy Klaudio Barraganni iste’foga chiqargan.
Messi «Eldense»ni sotib olishi uning futboldagi investisiya portfelini yanada kengaytiradi. Biroq hozircha bu yakunlangan bitim emas, balki prinsipial kelishuv ekanini ta’kidlash muhim.