Fransiya shimolidagi «Gravlin» atom elektr stansiyasi filtrasiya tizimiga qariyb 200 tonna meduza yopirilib kelishi oqibatida reaktorlar ishi qisman to‘xtatildi. Bu haqda AES operatori EDF kompaniyasi bayonotiga tayanib BBC va boshqa xalqaro OAVlar xabar bermoqda.
Shimoliy dengiz sohilida joylashgan mazkur stansiya reaktorlarni sovitish uchun suvdan foydalanadi. Ammo meduzalar to‘dasi suv olish tizimi filtrlarini to‘sib qo‘ygan. «Gravlin» G‘arbiy Yevropadagi eng yirik AES hisoblanib, uning 6 ta energoblokining har biri 900 MVt quvvatga ega. Ayni paytda ularning hech biri to‘liq quvvatda ishlamayapti: ba’zilari texnik ishlar, qolganlari esa xavfsizlik chorasi sifatida pasaytirilgan quvvatda ishlamoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi sababli suv haroratining ko‘tarilishi Shimoliy dengiz sohillarida meduzalar soni keskin ortishiga olib kelmoqda. Mazkur holat stansiyada birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q, o‘tgan yilning avgust oyida ham shunday muammo tufayli AES faoliyati cheklangan edi.