Emmanuel Makron prezidentligi davrida Fransiya davlat qarzining keskin o‘sishi, xarajatlarning oshishi va siyosiy beqarorlikka duch keldi.
Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Nashrning ta’kidlashicha, Makron prezidentligining boshida iqtisodiy vaziyat ancha yaxshi ko‘rinardi. Rasmiylar mehnat qonunlarini isloh qilishdi va biznes uchun soliqlarni kamaytirdilar, shundan so‘ng iqtisodiyot 2% dan ortiqqa o‘sdi, ishsizlik va byudjet taqchilligi esa pasaydi.
2018 yilda yoqilg‘i solig‘ini oshirish rejalari "sariq nimchalilar" harakatining ommaviy noroziliklariga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy keskinlikni yumshatish uchun hukumat soliq imtiyozlari va qo‘shimcha to‘lovlar uchun 10 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratdi.
COVID-19 pandemiyasi va energetika inqirozi davrida davlat xarajatlari keskin oshdi. Fransiya Auditorlar sudining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020–2022 yillarda inqirozga qarshi choralar va iqtisodiy rag‘batlantirish taxminan 190 milliard yevroga tushdi, energetika inqirozi oqibatlarini bartaraf etish uchun yana 72 milliard yevro kerak bo‘ldi.
Biroq, rasmiylar favqulodda xarajatlarni tezda qaytara olmadilar. 2022 yilda Makronning parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotishi va undan keyingi 2024 yilda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlardan so‘ng, siyosiy parchalanish defisitni kamaytirishni yanada murakkablashtirdi.
Agentlikning ta’kidlashicha, endi Fransiya "Evropaning eng zaif bo‘g‘ini"ga aylandi va uning hukumati yangi siyosiy inqirozni keltirib chiqarmasdan fiskal konsolidasiyani amalga oshirish kabi qiyin vazifaga duch kelmoqda.