Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Mahalla raisining kuni 300 ming so‘mga qolganmidi?

Mahalla raisining kuni 300 ming so‘mga qolganmidi?

Xalq ishonchini oqlash mahalla fuqarolar yig‘ini raisiga katta mas’uliyat yuklaydi. Shuning uchun ham bu vazifadagi inson katta hayotiy tajriba ega bo‘lib, hudud va aholining dardi bilan yashashi kerak. Albatta bunday fidoiy insonlar ko‘plab topiladi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, mahalla raislari orasida ham ishonchga putur yetkazib, nafs balosiga yo‘liqqanlar uchrab turibdi.

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “Yangi yer” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi lavozimida ishlagan Sahobiddin Hakimov ham tamagirlikka qo‘l urdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Rais huzuriga kelgan Suyunchol qishlog‘ida yashovchi M.Rahimberdiyeva yashayotgan uy-joyining kadastr hujjatlari to‘plami uchun zarur bo‘lgan Rahimberdiyevlar oilasining o‘z mablag‘lari hisobidan uy-joylar qurib bitkazilgani, haqiqatdan ham shu yerda yashashi, oila tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni tayyorlab berishini so‘raydi.

Ammo mahalla raisi beyuzlik bilan ushbu ishlarni tez bitkazish uchun 300 ming so‘m berishi lozimligini bildirdi. Bunday muomalani kutmagan M.Rahimberdiyeva hozir buncha puli yo‘qligini aytganida, sal keyinroq bersangiz ham bo‘laveradi, deb, kadastr hujjatlari to‘plami uchun zarur ma’lumotnomalarni tayyorlashga kirishdi. Shundan so‘ng mahalla raisi S.Hakimov M.Rahimberdiyeva va uning turmush o‘rtog‘i M.To‘rayevni qayerda ko‘rsa o‘sha va’da qilingan 300 ming so‘mni berishini talab qilaverdi. Vaholanki, ushbu oila o‘rtahol oilalardan biri ekanini, M.Rahimberdiyevaning kasal ekanini ham e’tiborga olib o‘tirmadi.

Mahalla raisining noqonuniy harakati bo‘yicha M.Rahimberdiyeva huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qildi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi S. Hakimov o‘z xizmat xonasida M. Rahimberdiyevadan 300 ming so‘mni pulni olayotganda ashyoviy dalil bilan ushlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudi hukmi bilan S.Hakimov 2 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni mansabdorlik va moddiy javobgarlik belgilangan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, unga eng kam oylik ish haqining 30 baravari miqdorida – 6 million 81 ming 900 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Kiritildi: 20:32 12.08.2019. O'qildi: 1910 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!