Bugun 6 aprel, 2026 yil, dushanba

КИР

Mahachqal’ada suv toshqini tufayli uch qavatli uy quladi

Mahachqal’ada suv toshqini tufayli uch qavatli uy quladi

Mahachqal’ada suv toshqini tufayli uch qavatli uy quladi. Yana to‘rtta ko‘p kvartirali uy aholisi qulash xavfi tufayli evakuasiya qilinmoqda.

Dog‘iston poytaxti Mahachqal’a shahrida kuchli yomg‘irlardan keyin yuzaga kelgan suv toshqinlari natijasida uch qavatli turar joy binosining poydevori yuvilib ketdi va bino qulab tushdi.

“RIA Dagestan” manbasining aniqlik kiritishicha, bu holat Perov ko‘chasida joylashgan uyda sodir bo‘lgan. “Golos Dagestana” Telegram-kanali esa gap Gazoprovodnoy ko‘chasida ro‘y berganini yozmoqda.

Mahachqal’a shahri ma’muriyati Ayvazovskiy ko‘chasidagi “qulash xavfi saqlanib qolayotgan” to‘rtta ko‘p qavatli uy o‘rab olingani haqida xabar bergan. Ushbu uylarda yashovchi 300 dan ortiq kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.

Mart oyi oxirida boshlangan kuchli yomg‘irlar tufayli Shimoliy Kavkazda suv toshqinlari boshlandi. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud Dog‘iston bo‘lib, u yerda o‘n minglab odamlar elektr ta’minotisiz qolgan, avtomobil yo‘llarida harakat to‘xtatilgan, temiryo‘llar shikastlangan. Mahachqal’ada ko‘plab ko‘chalarni suv bosgan. Chechenistonda ham kuchli yomg‘irlar va ko‘chkilar 17 ta ko‘prikka zarar yetkazgan, o‘nlab uylar vayron bo‘lgan.

Kiritildi: 23:36 05.04.2026. O'qildi: 235 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!