AQShning Venesuela prezidenti Maduro va uning rafiqasini qo‘lga olish bo‘yicha operasiyasi byudjetga qariyb 3 mlrd dollarga tushgan — Bloomberg.
Yanvar oyida Tramp tomonidan o‘tkazilgan Venesuela prezidentini qo‘lga olish bo‘yicha maxsus operasiya “minimal xarajatlar” bilan amalga oshirilgan va atigi ikki soat davom etgan, deya ma’lum qildi AQSh prezidenti ma’muriyati. Biroq mintaqada AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining 6 oylik harbiy ishtiroki uchun umumiy xarajatlar 2,9 mlrd dollardan oshgan.
"2025 yil noyabrdan 2026 yil yanvargacha AQSh harbiy guruhining Karib havzasida bo‘lishi kuniga taxminan 20 mln dollarga tushgan, shundan 11,4 mln dollari USS Gerald Ford aviatashtuvchisi boshchiligidagi zarba guruhi hissasiga to‘g‘ri kelgan. U o‘tgan yil kuzida operasiya zonasiga yetib kelganidan so‘ng umumiy xarajatlar 700 mln dollardan ko‘proqqa oshgan", deya qayd etadi Bloomberg.
"2 mlrd dollardan ortiq mablag‘ hukumat tomonidan Pentagonga ajratilgan mablag‘lar hisobidan sarflangan. Biroq bu summa shaxsiy tarkib, razvedka va kiberqo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni o‘z ichiga olmaydi", deya ta’kidladi Pentagonning sobiq moliyaviy nazoratchisi Eleyn Makkasker.