Germaniyaning yirik aviakompaniyasi Lufthansa yozgi mavsumda 20 mingga yaqin reysni bekor qilishga qaror qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu qaror aviaqirosin (reaktiv yoqilg‘i) narxining keskin oshishi bilan bog‘liq. Eron bilan bog‘liq mojaro ortidan yoqilg‘i narxi deyarli ikki barobarga oshgan.
Qisqartirishlar asosan zarar keltirayotgan qisqa masofali reyslarga taalluqli bo‘lib, oktyabr oyigacha davom etadi. Bu orqali kompaniya taxminan 40 ming tonna yoqilg‘ini tejashni rejalashtirmoqda.
Aviakompaniya ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar yo‘lovchilarga umumiy marshrut tarmog‘iga kirish imkoniyatini saqlab qolgan holda amalga oshiriladi.
Mutaxassislar fikricha, yoqilg‘i inqirozi davom etsa, boshqa aviakompaniyalar ham shunga o‘xshash choralar ko‘rishi mumkin.