Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, hududlarga kontrakt asosida harbiylarni jalb qilish bo‘yicha federal kvotalar berilgan. Ayrim mahalliy amaldorlarga bu rejani bajarish yuzasidan kuchli bosim o‘tkazilmoqda.
2026 yilning birinchi yarmida qariyb 200 ming kishi Rossiya armiyasi bilan kontrakt imzolagani aytilmoqda. Rossiya yangi umumiy safarbarlik o‘rniga yuqori maosh va katta bir martalik to‘lovlar orqali ko‘proq harbiy jalb qilishga urinmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, ayrim hududlarda erkaklarni ko‘chalarda ushlab qolish, uyiga yoki ish joyiga borib kontrakt taklif qilish kabi usullar ham qo‘llanmoqda. Qarzdorligi yoki shartli jazosi bor fuqarolar ham yollash kampaniyasining nishonga aylanmoqda.
Hududlarda kontrakt uchun to‘lovlar bir necha million rublgacha oshirilgan. Shu sababli yangi harbiylarni jalb qilishdan daromad oladigan xususiy yollovchilar tarmog‘i ham shakllangan.
Yangi kontraktchilar asosan frontdagi yo‘qotishlarni to‘ldirish uchun yuborilmoqda. Biroq harbiylar sonining ko‘payishiga qaramay, Rossiyaning hududiy yutuqlari cheklangan.
Tahlilchilarning fikricha, agar harbiylarni jalb qilish sur’ati pasaysa yoki yangi safarbarlik o‘tkazilmasa, Rossiya armiyasida yana askarlar yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin.
Bundan tashqari, dezertirlik ham jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Huquq himoyachilari ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 28 ming rossiyalik harbiy qismni tark etgani uchun sudlangan.