Fransiya hukumati koronavirusga chalingan bemorlarning bir qismini Germaniyadagi shifoxonalarda davolash uchun jo‘natishga hozirlanmoqda, chunki Fransiyadagi ko‘plab tibbiyot muassasalari kasallanganlar oqimini arang eplamoqda. Bu haqda «Interfaks» xabar berdi.
Xususan, COVID-19 bilan kasallanish bo‘yicha ko‘plab holatlar qayd etilayotgan Nor-Pa-de-Kale viloyatidagi bemorlar yaqin 10 kun ichida Germaniyaga ko‘chirib o‘tkaziladi. Shuningdek, Germaniyaga Fransiyaning boshqa viloyatlaridan ham bemorlar olib boriladi.
Koronavirusning birinchi to‘lqini yuz bergan mart va aprel oylarida ham koronavirusga chalingan ko‘plab fransiyalik bemorlar nafaqat Germaniyadagi, balki Avstriya, Lyuksemburg va Shveysariyadagi shifoxonalarga jo‘natilgan.
Fransiyada pandemiya boshidan buyon 1 460 000 dan ortiq kishida koronavirus qayd etilgan.