DR Kongo terma jamoasi, Afrika mamlakatida Ebola virusi tarqalgani sababli AQShning mamlakatga kirishdan oldin 21 kunlik karantinda turish haqidagi ogohlantirishiga qaramay, Jahon chempionatiga tayyorgarlik rejasini o‘zgartirmoqchi emas.
Reuters agentligi xabariga ko‘ra, milliy jamoa vakili mashg‘ulotlar dasturi o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qilgan. DR Kongo terma jamoasining o‘rtoqlik uchrashuvlari reja bo‘yicha o‘tkaziladi: 3 iyun kuni Lyejda (Belgiya) Daniyaga qarshi va 9 iyun kuni Kadisda (Ispaniya) Chiliga qarshi.
Dasturdagi yagona o‘zgarish — Kinshasaga (DR Kongo) uch kunlik safarning bekor qilinishi bo‘ldi. U yerda jamoa uchun so‘nggi 52 yil ichida birinchi marta yo‘l olinayotgan Jahon chempionati oldidan kuzatish marosimi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan edi. Ta’kidlash joizki, ushbu safar AQShning ogohlantirishidan oldinroq bekor qilingandi.
Terma jamoa rahbariyati qaydnomaga kiritilgan futbolchilardan hech biri Ebola virusi avj olgan vaqtda DR Kongo hududida bo‘lmaganini alohida urg‘ulamoqda. Butun tarkib, shu jumladan bosh murabbiy Sebastyen Dezabr ham mamlakat tashqarisida, asosan Yevropada bo‘lib turibdi. Biroq jamoaning bir nechta rasmiy vakillari shu hafta boshida Belgiyadagi mashg‘ulot lageriga aynan DR Kongodan yetib kelishgan.