Bugun 30 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Kim ulamolarni masxara qilsa oxirati kuyadi

A A A
Kim ulamolarni masxara qilsa oxirati kuyadi

Dinimizda ilmga va ilm ahliga katta ahamiyat berilgan. Ularning martabasi yuqoriga qo‘yilgan.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا قِيلَ لَكُمْ تَفَسَّحُوا فِي الْمَجَالِسِ فَافْسَحُوا يَفْسَحِ اللَّهُ لَكُمْ وَإِذَا قِيلَ انشُزُوا فَانشُزُوا يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

“Ey iymon keltirganlar! Agar sizlarga majlislarda siljibroq o‘tiring, deyilsa, bas, siljing, agar turing deyilsa, turing. Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darajalarini ko‘tarur. Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir”. (Musulmonlar Payg‘ambar alayhissalom majlislarida iymon va ilm olardilar. Shuning uchun ham hamma katta qiziqish bilan, iloji boricha, u zotga yaqinroq o‘tirishni xohlardi. Ushbu oyat nozil bo‘lgach, ilm olish majlisini hammaga keng targ‘ib qilish zarurligi eslatilib, majlis ahlining barchasiga joy berishni yo‘lga qo‘yishga da’vat etildi.) (Mujodala surasi, 11-oyat).

Albatta, shariat ulamolari Payg‘ambarlar alayhimussalomning merosxo‘rlari hisoblanishadi. Bu haqida Nabiy sollallohu alayhi vasallam xabar berganlar.

Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir, payg‘ambarlar esa dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar, balki ilmnigina meros qilib qoldirganlar. Kimda-kim uni olgan bo‘lsa, mo‘l ulushni olibdi”. Bu hadisni Abu Dovud, Termiziy, Ahmad va boshqa muhaddislar rivoyat qilishgan.

Shariat ulamolarini hurmat qilish, e’zozlash Alloh taoloni ulug‘lash turkumiga kiradi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqida shunday deganlar:“Albatta, musulmon (Islomda soch-soqoli oqargan) qariyani, Qur’onni o‘rganib, yodlab, unda g‘uluvga ketmagan va undan uzoqlashib, jafo qilmagan (Qur’on homili bo‘lgan) kishini va adolatli sultonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir”. Abu Dovud rivoyat qilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulamolarning haqqini tanimagan, bilmagan kishiga tahdid qilganlar, uni qo‘rqitganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Keksalarimizni hurmat qilmagan, kichiklarimizga rahm qilmagan va olimlarimizning haqqini bilmagan kimsa bizdan emas”deb marhamat qilganlar. Hokim “Mustadrak”da rivoyat qilgan.

Shu bilan birga ulamolar ma’sum, xatodan xoli emaslar. Ular ham inson. Lekin ular qilgan ijtihodlari uchun ajr oladilar. Hatto ijtihodlari xato bo‘lib chiqsa ham. Bu haqiqat Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan sobit bo‘lgan bo‘lib, u zot alayhissalom “Agar hokim (hukm qiluvchi olim) ijtihod qilganda, ijtihodi to‘g‘ri bo‘lsa, unga ikkita ajr, agar ijtihod qilganda, ijtihodi xato bo‘lsa, unga bitta ajr bo‘ladi” deganlar. Muttafaqun alayh.

Ushbu hadis hokim ijtihod paytida xato qilib qo‘yishi ehtimoli borligi va u shu xatosida uzrli ekaniga ochiq-oydin dalildir.

Ulamolarning borligi ne’mat, ularning vafoti katta musibatdir. Chunki, ularning vafoti sababli Yer yuzidan ilm ko‘tariladi.

Bir hadisda shunday deyilgan: “Albatta, Alloh taolo ilmni bandalaridan birdaniga tortib olmaydi. Lekin ulamolarning (ruhlarini) qabz qilish bilan ilmni tortib oladi. Hatto birorta olim qolmay, odamlar johillarni boshliq qilib oladilar. Ulardan savol so‘raydilar. (Johillar) ilmsiz ravishda fatvo berib, o‘zlari ham adashadilar, (boshqalarni ham) adashtiradilar”. Imom Buxoriy Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilganlar.

Shariatning muhim hukmlaridan biri shuki, ulamolarning obro‘lariga til tekkizish, bu mavzuga sho‘ng‘ish, xatolarini poylash va majlislarda suhbat uchun ularni nishon qilib olish mutlaqo joiz emas.  

Imom Ahmad rahimahulloh shunday deganlar: “Ulamolarning go‘shtlari zaharlidir. Kim uni hidlasa, kasal bo‘ladi va kim uni yesa, o‘ladi”.

Salafi solihlarimiz ulamolarni go‘zal sifatlar bilan zikr qilar va ularning obro‘siga til tekkizishdan, ularga yomonlik qilishdan juda ehtiyot bo‘lardilar.

Ibn Muborak rahimahulloh bunday deganlar: “Kim ulamolarni mensimasa, masxara qilsa, oxirati kuyadi. Kim amirlar (rahbarlar)ni mensimasa, masxara qilsa, dunyosi barbod bo‘ladi. Kim birodarlarni mensimasa, masxara qilsa, muruvvati (odamgarchiligi) va haybati yo‘qoladi”.

Imom Avzo’iy rahimahulloh: “Ahli ilmni, xususan, ularning kattalarini, ulug‘larini yomonlash, g‘iybat qilish kabira gunohlardandir” deganlar.

Imom Abu Haniyfa rahimahulloh bunday degan ekanlar: “Ustozim Hammod vafot etgandan beri qachon namoz o‘qisam, ota-onam bilan birga uning haqqiga ham istig‘for aytdim”.

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 14:58 21.09.2018. O'qildi: 6058 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik