Kanada Bosh vaziri Mark Karni shanba kuni Ukrainaga qo‘shimcha 2,5 milliard Kanada dollari (taxminan 1,8 milliard dollar) iqtisodiy yordam berishini e’lon qildi.
Bu haqda bosh vazir Kanadaga tashrif buyurgan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qilgan.
"Bugun biz Ukrainaga qo‘shimcha 2,5 milliard dollarlik iqtisodiy yordam ajratilishini e’lon qilamiz. Bu tiklanish jarayonini boshlash uchun XVF, Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablag‘larini ochishga yordam beradi", dedi Karni.
O‘z navbatida, Zelenskiy Karniga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi va Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish zarurligini ta’kidladi. “Buning uchun bizga ikkita narsa kerak: Rossiyaga bosim va Ukrainani yetarli darajada kuchli qo‘llab-quvvatlash”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Zelenskiy, shuningdek, Karni bilan Ukraina havo mudofaasini kuchaytirishni muhokama qilishni rejalashtirayotganini aytdi.
"Biz so‘nggi haftalarda diplomatiya sohasida yaxshi muvaffaqiyatlarga erishdik, ammo bu bizga havo hujumidan mudofaa vositalarini kamaytirish imkonini beradi, degan xayolda yashay olmaymiz. Bu Rossiya bilan ishlamaydi", - deya ta’kidladi Ukraina rahbari.