Yangi tug‘ilgan chaqaloq – ota-ona quvonchi. Ammo orziqib kutilgan mehmon nimjon va kam vazn bilan tug‘ilsa-chi? Albatta bunday paytda go‘dak uchun murakkab muolajalar, malakali shifokorlar parvarishi, eng muhimi, yaqinlar mehri lozim bo‘ladi.
SSV Matbuot xizmati Toshkent shahar Perinatal markazining neonatal xizmati bo‘yicha direktor o‘rinbosari Malika Usmonova bilan kam vaznli bolalar parvarishida e’tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihatlar xususida suhbatlashdi.
— Qanday chaqaloqlar kam vaznli hisoblanadi?
— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti agar bola homiladorlikning 22-haftasida tug‘ilib, unda nafas, yurak urishi, kindik pulsasiyasi yoki mushaklar harakatidan biri kuzatilsa, og‘irligi 500 gramm, bo‘y uzunligi 25 santimetr bo‘lsa, tirik tug‘ilgan deb atashni tavsiya qiladi, — deydi M. Usmonova. — Kam vazn bilan tug‘ilganlik uchta darajaga bo‘linadi.
Bular:
📌Kam vaznli – 2500-1500 gramm.
📌O‘rta kam vaznli – 1499-1000 gramm.
📌Juda kam vaznli – 999-500 gramm.
— Kichik vaznli bolaning ko‘rinishi, tana a’zolari sog‘lom tug‘ilgan chaqaloqnikidan farq qiladimi?
— Albatta. Garchi, bunday go‘daklarning tana a’zolari shakllangan bo‘lsa-da, funksional jihatdan ancha zaif va o‘z vazifasini to‘liq bajarishga qodir bo‘lmaydi.
Yuqori nafas yo‘llari nozik bo‘lib, ko‘krak qafasi nafas olishda kam qatnashadi. Nafas olishi tez va notekis, pulsi sust, me’da-ichak va nerv tizimlari funksional rivojlanmagan, tanasi esa haroratni bir me’yorda ushlab tura olmaydi.
Tashqi muhitdagi kattalar uchun arzimas bo‘lgan o‘zgarishlar bunday chaqaloqlar organizmida jiddiy shikastlanishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois ularni parvarishlash zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda shifokorlardan yuksak malaka, fidoyilik, ota-onalardan esa sabr-toqat talab etadi.
— Bunday chaqaloqlar qanday parvarishlanadi?
— Homiladorlik muddati qancha kam bo‘lsa, bolaning vazni ham shuncha oz bo‘ladi. Demak, rivojlanishning shu davrlari bachadon ichida tabiiy kechmasdan, chaqaloq chala tug‘iladi. Bunday go‘daklarning a’zolari shakllangan bo‘lsa-da, funksional yetilmagan hisoblanadi.
Shu sababli, ularni parvarishlashning asosiy prinsiplari — tana harorati nazorati, nafas yetishmovchiligini davolash, ovqatlantirish, infeksiyadan himoya va albatta, mehr bilan ona qorni sharoitiga yaqin holat yaratishdan iborat. Tabiiyki, bu chora-tadbirlar jiddiy muolajalar hisoblanib, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni talab etadi.
Chunki bunday chaqaloqlar uchun maxsus reanimasiya o‘rinlari, issiq saqlaydigan inkubator, isitgich stollari, nafas olish uchun yordam beradigan apparatlar, zamonaviy neonatal jihozlar zarur. Shu bilan birga, tibbiy xodimlarning bilim darajasi ham muhim.
Bunday chaqaloqlarning parvarishi zarur ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Dastlab bolalar jonlantirish bo‘limida holatiga qarab yotqiziladi. Keyin parvarish bo‘limiga o‘tkaziladi.
Albatta bu jarayonlarda ota-onalarning ham alohida o‘rni bor. Ayniqsa, onalar birinchi navbatda shaxsiy gigiyena va farzandini parvarishlashda sanitariya qoidalariga qat’iy amal qilishi zarur. Agar bolaning tana harorati 36,50Sdan tushib ketsa, “teriga-teri” kontaktini o‘tkazish, chaqaloq tagliklari quruqligiga e’tibor qaratish, eng muhimi, uning muammolariga sabr-toqatli bo‘lishi kerak.