Bolgariyada mashhur jurnalist Viktoriya Marinova o‘ldirib ketildi. Polisiya jinoyat bo‘yicha tergov ishlarini boshlab yuborgan.
Jurnalistning jonsiz tanasi 6 oktyabr oqshomida mamlakat shimolidagi Ruse shahrida joylashgan bog‘dan topilgan. Aybdorlar qidirilmoqda. Viktoriya Marinova nima sababdan o‘ldirib ketilgani hozircha noma’lum.
Marinova ish olib borgan so‘nggi mavzu Yevropa ittifoqi jamg‘armasi mablag‘larining o‘g‘irlanishiga aloqador mojaro — GPGate bo‘lgan. GP Group — Yevroittifoq tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihalar ortidan pul orttirgan konsalting firmalaridan biri bo‘lgan. Firibgarliklarga davlat oliy rahbariyati vakillari aloqador bo‘lishi mumkin.
30 yoshli ayol TVN mahalliy televideniyesida jurnalist bo‘lib ishlagan. YEXHT OAV vakili Harlem Desir o‘z Twitter’ida bu voqeaga jiddiy yondashib, aybdorlar qattiq jazolanishi kerakligini yozib qoldirgan.
Ruse viloyati prokuroi Georgi Georgiyevning so‘zlariga ko‘ra, Marinova boshidan kuchli zarb olish oqibatida vafot etgan. Uning qo‘l telefoni, mashina kaliti, ko‘zoynagi va kiyimlari voqea joyidan yo‘qolgan.
Manba: qalampir.uz