2020 yil 11 avgust kuni Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan M-39 Toshkent-Termiz avtomagistral yo‘lining 983 kilometrida “Sayohat” choyxonasi atrofida “Vaz-21063” va “Neksiya-3” rusumli avtomashina o‘rtasida sodir etilgan yo‘l transport hodisasi bo‘yicha chaqiruvga asosan xizmat vazifasini bajarish maqsadida viloyat IIB YHXB 3-safarbarlik guruhi YPX inspektori Komil Bo‘riyev hodisa joyga yetib borgan.
Shundan so‘ng, viloyat IIB YHXB xodimi K.Bo‘riyev sodir etilgan yo‘l transport hodisasi bo‘yicha holatga aniqlik kiritish maqsadida “Neksiya-3” rusumli, 10J371SA davlat belgili avtomashina haydovchisi J.Sattarovdan avtomashina hujjatlarini taqdim etishini so‘raganida, ushbu avtomashina yo‘lovchisi bo‘lgan sudlanuvchi Olimov Obid Xurramovich ularning suhbatiga asossiz aralashib, IIB YHXB xodimi K.Bo‘riyevga avtomashina hujjatlarni berishni rad qilib, voqea joyidan ketishga uringan vaqtda avtomashina haydovchi o‘rindig‘iga o‘tirgan IIB YHXB xodimi K.Bo‘riyevga faol qarshilik ko‘rsatib, uning xizmat kiyimida bo‘lgan bodi kamerasini hamda ko‘krak nishonini tortib olib, xizmat kiyimining chap yelka pogonini yulib tashlab, tugmalarini yirtib, qo‘li bilan o‘ng quloq, o‘ng yuz yuqori qismiga va o‘ng pastki jag‘ qismiga, chap yelka o‘rta qismi, ko‘krak qafasiga urib, “sog‘ligining buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati” yetkazgan.
Oliy sudning xabar berishicha, sud O.Olimov (F.I.Sh o‘zgartirilgan) ga jazo tayinlashda aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, qaramog‘ida 4 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, oilasida yagona boquvchiligini, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni o‘z ixtiyori bilan to‘liq qoplaganligini inobatga olib uni O‘zbekiston Respublikasi JK 219-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topib, unga shu modda bilan ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.