Janubiy Koreya prezidentining harbiy holat joriy etishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan so‘ng ertalab Yun Sok Yol (mamlakat prezidenti) devonining barcha xodimlari iste’foga chiqdi.
Bu haqda Yonhap News agentligi xabar berdi.
Prezidentning o‘zi esa bugun ertalab mamlakatda e’lon qilingan harbiy holatni bekor qildi va mahalliy vaqt bilan ertalabki o‘nga kelib hali hech qanday yangi bayonot bermadi.
«Kecha soat 11 dan boshlab, mamlakatni davlatning asosiy funksiyalarini falaj qilishga va liberal demokratik konstitusiyaviy tuzumni yo‘q qilishga intilayotgan davlatga qarshi kuchlardan himoya qilish qat’iyati bilan harbiy holat joriy etilgan edi. Biroq Milliy assambleyaning harbiy holatni bekor qilish talabi tufayli uni amalga oshirishda ishtirok etgan harbiy xizmatchilar chaqirib olindi», – degan mamlakat prezidenti.
Prezidentning parlamentda ko‘pchilikni tashkil etuvchi Demokratik partiyadagi raqiblari, agar uning o‘zi iste’foga chiqmasa, impichment jarayonini boshlashlarini aytishgan.
Bugun ertalab Seul va boshqa shaharlarda prezident iste’fosi uchun namoyishlar qayta boshlandi.
Jumladan, muxolifat endi Yunni lavozimidan chetlashtirishga intilmoqda. «Vatanni yangilash» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi yetakchisi Xvan Unxa allaqachon impichment jarayonini boshlash niyatida ekanligini ma’lum qilgan. Ayniqsa, Seulning tinch ko‘chalarida askarlar va harbiy texnikalar paydo bo‘lishi muxolifatni ko‘proq g‘azablantirgan.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatda umummilliy harbiy holat oxirgi marta 1979 yilda diktator Pak Chung Xi o‘ldirilganidan keyin joriy qilingan.
Yun Sok Yolga impichment e’lon qilish uchun uni mamlakat Milliy assambleyasining 300 nafar deputatidan 200 nafari qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi. Hozirda muxolifat parlamentning 170 o‘rnini nazorat qiladi. Biroq, aytilishicha, 4 dekabrga o‘tar kechasi harbiy holatni bekor qilish uchun 190 deputatdan 190 nafari ovoz bergan.