Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning sog‘lig‘i bo‘yicha yangi ma’lumotni parlament a’zolariga taqdim etdi.
Deputat Yun Kun Yon razvedka ma’lumotlariga tayanib, Kim Chen Inning vazni 140 kilogrammdan ortiq ekani va u "o‘ta semizlik" toifasiga kirishi baholanayotganini bildirdi. Shuningdek, agentlik uni yurak-qon tomir kasalliklari xavfi yuqori bo‘lgan guruhga kiritgan. Bu ma’lumotlar ochiq tibbiy tekshiruvga emas, Janubiy Koreya razvedkasining bahosiga asoslangan.
Shu bilan birga, Seul razvedkasi hozircha Shimoliy Koreya rahbarida jiddiy sog‘liq muammosini ko‘rsatuvchi aniq belgilar kuzatilmayotganini qayd etgan.
Xususan, Kim Chen In jismoniy faollikda, jumladan, zinadan ko‘tarilishda qiyinchilikka duch kelmayotgani aytilgan. Uning sog‘lig‘i maxsus tibbiy guruh tomonidan muntazam nazorat qilinishi ham ta’kidlangan.